Poytaxtimizda iqtidorli ijodkor yoshlar o‘rtasida “Yosh ijrochilar” respublika tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tanlov O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti, Respublika xoreografiyaga ixtisoslashtirilgan maktab-internati, V.Uspenskiy va R.Gliyer nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktablari, shuningdek, bolalar musiqa va san’at maktablari, texnikum va akademik litsey yoshlari o‘rtasida o‘tkazildi.

12 ta yo‘nalishdagi 70 ta nominatsiya bo‘yicha tashkil etilgan bu ijodiy loyihada respublikamizdagi ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari, maktab-internatlari, texnikum hamda akademik litseylarning jami 628 nafar yoshlari qatnashdi.
“Turkiston” san’at saroyida tanlovning tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ishtirok etib, mamlakatimizda yoshlar kamoloti yo‘lida ko‘rsatilayotgan amaliy ishlar, ezgu tashabbuslar, e’tibor va g‘amxo‘rlik xususida gapirdi.

G‘oliblar 12 ta yo‘nalish bo‘yicha aniqlandi.
Tantanali tadbirda yosh ijodkorlar ijrosida katta konsert dasturi namoyish etildi.
N.Usmonova,
O‘zA