“Yoshlar ovozi – Bo‘zatov FEST” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida “Yoshlar oyligi” doirasida “Yoshlar ovozi – Bo‘zatov FEST” respublika tanlovining final bosqichi g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Qayd etish joizki, joriy yilning 29-maydan 4-iyun kuniga qadar Qoraqalpog‘iston zamini iste’dodli yoshlarni o‘zida jamlagan mazkur nufuzli tanlovning hal qiluvchi respublika bosqichi bellashuvlariga mezbonlik qildi. Ushbu muddat davomida minglab ishtirokchilar orasidan eng sara iqtidor egalari o‘zlarining bor mahoratlarini ishga solib, hakamlar hay’ati va tomoshabinlar e’tiboriga betakror ijrolarini taqdim etdi.
Ma’lumki, mazkur yirik loyiha davlatimiz rahbarining 2020-yil 2-oktabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining navbatdan tashqari sessiyasida bergan topshirig‘i hamda kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan majlis bayonida belgilangan vazifalar ijrosi asosida hayotga tatbiq etilgan.
Tanlov 2021-yildan buyon Yoshlar ishlari agentligi, Madaniyat vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi tomonidan an’anaviy tarzda yuqori saviyada o‘tkazib kelinmoqda. E’tiborli jihati, tanlovning 2021–2024-yillar davomida o‘tkazilgan respublika bosqichlarida jami 128 nafar yosh g‘olib va sovrindor bo‘lishga erishgan.
Taqdirlash marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev, O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi direktori A.Sa’dullayev so‘zga chiqib, festivalda munosib ishtirok etib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan yoshlarni tabrikladi.
Ta’kidlanganidek, yosh iste’dodlarni munosib rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yilda tanlovning umumiy mukofot jamg‘armasi 2,5 milliard so‘m etib belgilandi. Respublika bosqichida har bir yo‘nalish va yosh toifasi bo‘yicha 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan jami 12 nafar yosh — 50 million so‘mdan, 2-o‘rin sohiblari (12 nafar) — 30 million so‘mdan, 3-o‘rin egalari (12 nafar) esa — 20 million so‘mdan pul mukofoti bilan taqdirlandi. Shuningdek, final bosqichida ishtirok etgan qolgan barcha yosh 10 million so‘mdan rag‘batlantiruvchi pul mukofotiga ega bo‘ldi.
Respublika tanlovi yakunida baxshichilik yo‘nalishida 10-15 yosh toifasida birinchi o‘rinni Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Miratdin Zarapatdinov, ikkinchi o‘rinni Farg‘ona viloyatidan Bunyodbek Nadirov, uchinchi o‘rinni Qashqadaryo viloyatidan Zarif Xolmuradov, 16-22 yosh toifasida birinchi o‘rinni Toshkent shahridan Diyorbek Bekbergenov, ikkinchi o‘rinni Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Umida Qidirbergenova, uchinchi o‘rinni Jizzax viloyatidan Javoxirbek G‘oyibnazarov, 23-30 yosh toifasida birinchi o‘rinni Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Uldaulet Sarsenbayeva, ikkinchi o‘rinni Toshkent shahridan Sunnatulla Eshmanov, uchinchi o‘rinni Navoiy viloyatidan Yerkinbay Artikov qo‘lga kiritdi.
An’anaviy ijro yo‘nalishi bo‘yicha 10-15 yosh toifasida birinchi o‘rin Farg‘ona viloyatidan Hurriyatxon Shokirova, ikkinchi o‘rin Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Samadbek Mavlonberdiyev, uchinchi o‘rin Namangan viloyatidan Javohir Xomidjanov, 16-22 yosh toifasida birinchi o‘rin Samarqand viloyatidan Dilafro‘z Bahodirova, ikkinchi o‘rin Toshkent shahridan Olimaxon Tojiboyeva, uchinchi o‘rin Qashqadaryo viloyatidan Ziyodulla Murtazayev, 23-30 yosh toifasida birinchi o‘rin Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Shukurulla Abdullayev, ikkinchi o‘rin Namangan viloyatidan Rustamjon Mirminov, uchinchi o‘rin Toshkent viloyatidan Nodira Xodjiyevaga nasib etdi.
[gallery-29848]
Estrada yo‘nalishi bo‘yicha 10-15 yosh toifasida birinchi o‘rinni Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Bibimaryam Jepbarbergeova, ikkinchi o‘rinni Qashqadaryo viloyatidan Adizjon Qayumov, uchinchi o‘rinni Toshkent viloyatidan Shahlo Shomuratova, 16-22 yosh toifasida birinchi o‘rinni Namangan viloyatidan Dilnora Habibullayeva, ikkinchi o‘rinni Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Sabrina Nazarova, uchinchi o‘rinni Toshkent shahridan Mushtariy Ahmedova, 23-30 yosh toifasida birinchi o‘rinni Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Xursandbek Atamuratov, ikkinchi o‘rinni Andijon viloyatidan Kamronbek Jamshidov, uchinchi o‘rinni Surxondaryo viloyatidan Maftuna Rustamova qo‘lga kiritdi.
Opera yo‘nalishi bo‘yicha 10-15 yosh toifasida birinchi o‘ringa Qashqadaryo viloyatidan Dmitriy Arslonov, ikkinchi o‘ringa Namangan viloyatidan Fatxiddin Tursunbayev, uchinchi o‘ringa Navoiy viloyatidan O‘lmasjon Palvanov, 16-22 yosh toifasida birinchi o‘ringa Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Nursultan Amangeldiyev, ikkinchi o‘ringa Qashqadaryo viloyatidan Mohinur Boqiyeva, uchinchi o‘ringa Toshkent viloyatidan Nargiza Abditalipova, 23-30 yosh toifasida birinchi o‘ringa Qashqadaryo viloyatidan Farrux Ismatov, ikkinchi o‘ringa Namangan viloyatidan Shaxnoza Yoqubjonova, uchinchi o‘ringa Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Baxit Qidirbayev sazovor bo‘ldi.
Taqdirlash marosimida san’at ustalari, taniqli estrada qo‘shiqchilari va yosh ijrochilarning konsert dasturi, mushakbozlik barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.