Yosh harbiylar uchun matonat va birdamlik sinovi
Kuch, tezlik, bilim va matonat — «Matonat maydoni»da har bir shart g‘oliblik sari qadam bo‘ldi. Mirzaobod tumanidagi Safarbarlik chaqiruv rezervi batalonida o‘tkazilgan harbiy-sport musobaqasida yosh harbiy xizmatchilar nafaqat jismoniy tayyorgarligi, balki tezkor fikrlashi, topqirligi va jamoaviy hamjihatligini ham namoyon etdilar.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi hamda Sirdaryo teleradiokompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan tadbir yosh harbiy xizmatchilarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, jismoniy tayyorgarligini oshirish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga qaratildi.
Musobaqa dasturidan arqon tortish, turnikda tortilish, harbiy estafeta, stol tennisi, savol-javob hamda jabrlanganlarga birinchi yordam ko‘rsatish kabi shartlar o‘rin oldi. Har bir shart ishtirokchilardan alohida tayyorgarlik va diqqatni talab qildi.
Arqon tortishda jamoaviy kuch va birdamlik, estafetada chaqqonlik va tezkorlik, turnikda esa jismoniy chidamlilik sinovdan o‘tkazildi. Savol-javob bahslarida harbiy bilim va tezkor fikrlashga e’tibor qaratilgan bo‘lsa, birinchi yordam ko‘rsatish shartida favqulodda vaziyatda to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmalari baholandi.
[gallery-31670]
Bellashuvlar davomida ishtirokchilar vaziyatni tez baholash, mas’uliyatli qaror qabul qilish va jamoa bilan hamohang harakat qilish qobiliyatini ko‘rsatdilar. Ayniqsa, jamoaviy shartlarda har bir ishtirokchining harakati umumiy natijaga ta’sir etgani o‘zaro ishonch va hamjihatlikning ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi.
— «Matonat maydoni» kabi harbiy-sport musobaqalari yosh harbiy xizmatchilarning jismoniy tayyorgarligini sinash bilan birga, ularda jamoada ishlash, tezkor qaror qabul qilish, mas’uliyat va qat’iyat kabi fazilatlarni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega. Bunday tadbirlar yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga xizmat qiladi, — deydi tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashining harbiy qism va muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘limi boshlig‘i, kapitan Furqatjon Azimov.
Musobaqa davomida sog‘lom raqobat muhiti yaratilib, ishtirokchilarda g‘alabaga intilish, intizom va o‘z kuchiga ishonch kabi sifatlar namoyon bo‘ldi. Shu bilan birga, tadbir yosh harbiy xizmatchilar o‘rtasida muloqot va tajriba almashish uchun ham o‘ziga xos maydon bo‘ldi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA