Tanlovlar va musobaqalar
Yoshlik izlanish, o‘zini sinash va yangi marralar sari intilish davri. Bu jarayonda bilim bilan birga jismoniy chiniqish, intizom, jamoaviylik va Vatanga sadoqat tuyg‘usini shakllantirish ham muhim. Shu maqsadda o‘quvchi yoshlar va “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati otryadlari a’zolari ishtirokida “Yosh bojxonachi” tanlovi hamda harbiy-vatanparvarlik musobaqasi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, Yoshlar ishlari boshqarmasi va viloyat bojxona boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan bellashuvda 250 nafar yosh ishtirok etdi. Ular bilim va zukkolik bilan bir qatorda, epchillik, tezkorlik, aniqlik va jismoniy tayyorgarlik borasida ham o‘z imkoniyatlarini namoyish qildi.
Tadbir Milliy gvardiya muddatli harbiy xizmatchilarining qo‘l jangi bo‘yicha namoyishkorona chiqishlari bilan boshlandi. Bu ishtirokchilarda musobaqaga xos ko‘tarinki kayfiyat uyg‘otib, maydondagi bellashuvlarga yanada ruh bag‘ishladi.
Shundan so‘ng jamoalar nizomda belgilangan shartlar bo‘yicha kuch sinashdi. “AK-74” avtomati qismlarini ajratish va qayta yig‘ish estafetasida tezkorlik, diqqat va aniq harakat talab etildi. Har bir soniya muhim bo‘lgan bu shartda ishtirokchilarning harbiy-amaliy tayyorgarligi yaqqol namoyon bo‘ldi.
“Mohir mergan” bellashuvi esa diqqat va o‘zini boshqara bilishni talab qildi. Nishonni aniq mo‘ljalga olishda ishtirokchilar nafaqat mahorat, balki sabr va diqqatni bir nuqtaga jamlay olish qobiliyatini ham namoyon etdi.
Jismoniy kuch va jamoaviy hamjihatlik “Arqon tortish” shartida yaqqol ko‘rindi. Kamondan otishda esa aniqlik va sabr-toqat sinovdan o‘tkazildi. Har bir shart yoshlarning turli qobiliyatini namoyon etishga xizmat qildi.
[gallery-31655]
Bellashuvning bilimga asoslangan qismi ham qiziqarli kechdi. Zakovat sinovlarida maktab darsliklari asosidagi aniq fanlar hamda bojxona sohasiga oid savollar o‘rin oldi. Ishtirokchilar bu shartda nazariy bilimi, mantiqiy fikrlashi va bojxona sohasiga oid tushunchalarini namoyon etdi.
“Yosh bojxonachi” tanlovi yoshlarga soha bilan yaqindan tanishish imkonini ham berdi. Ular bojxona organlarida xizmat qilish yuksak bilim, mas’uliyat va intizomni talab etishini anglab, ushbu kasbning o‘ziga xos jihatlari haqida ma’lumot oldi.
Musobaqa yakunida “Temurbeklar” jamoasi birinchi, “Matonat” jamoasi ikkinchi, “Yosh bojxonachilar” jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi. G‘olib va sovrindorlarga O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, Yoshlar ishlari boshqarmasi va Bojxona boshqarmasining diplom hamda qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
Muhimi, maydondagi har bir shart yoshlar uchun oddiy bellashuvdan ko‘ra kengroq mazmun kasb etdi. Ular kuch va mahorat bilan birga, bir maqsad yo‘lida harakat qilish, sherigiga ishonish, intizomga rioya etish va mas’uliyatni his qilishni amalda ko‘rsatdi.
Bunday tadbirlar yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sog‘lom turmush tarziga jalb qilish va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega. Eng muhimi, bu kabi bellashuvlar yoshlarni o‘z ustida ishlashga, bilim va qobiliyatini sinab ko‘rishga, yangi maqsadlar sari intilishga undaydi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari