Yosh harbiy xizmatchilar intellektual sinovda
FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyatida Qurolli Kuchlar tizimida xizmat qilayotgan yosh harbiy xizmatchilar va xodimlar o‘rtasida “Ajdodlar izidan” intellektual o‘yinining hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir mamlakatimiz tarixi, boy ma’naviy merosi hamda buyuk ajdodlarimizning jahon tamadduniga qo‘shgan hissasini chuqur o‘rganish, shuningdek, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib etish maqsadida tashkil etildi.
[gallery-29121]
Intellektual o‘yin beshta kitob asosida tuzilgan savollardan iborat bo‘lib, ishtirokchilar o‘z bilim va tafakkurini ikki bosqichda sinovdan o‘tkazdi.
Musobaqada viloyatdagi turli kuch tuzilmalaridan 10 ta jamoa ishtirok etib, g‘oliblik uchun keskin va qizg‘in bahslar olib bordi.
Yakunlarga ko‘ra, Davlat xavfsizlik xizmatining “Matonat” jamoasi birinchi, Milliy gvardiya boshqarmasining “Sherlar” jamoasi ikkinchi, DXX Chegara qo‘shinlarining “Sarhad” jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.
G‘olib va faol ishtirokchilar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Mazkur intellektual o‘yin yosh harbiy xizmatchilarning ma’naviy-ma’rifiy salohiyatini oshirish, kitobxonlikni rivojlantirish va ajdodlar merosiga hurmat ruhini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA