“Mamlakat platformasi”: nomarkazlashtirishdagi milliy yondashuv va xalqaro tajriba
Adliya vazirligida “Mamlakat platformasi”ning qonun ustuvorligi va davlat boshqaruvi yo‘nalishi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston bo‘yicha “Mamlakat platformasi” donorlar va rivojlanish bo‘yicha hamkorlar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda ularning qo‘shma loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etuvchi vazirlik va idoralar bilan o‘zaro hamkorligini ta’minlashga qaratilgan mexanizm hisoblanadi.

Tadbirda Germaniyaning xalqaro hamkorlik bo‘yicha jamiyati, Yevropa Ittifoqi, BMT Taraqqiyot dasturi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, BMT narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi, YUNISEF, shuningdek, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Fransiya va Latviya elchixonalarining vakillari ishtirok etdi.
“Mamlakat platformasi” yig‘ilishida “Nomarkazlashtirish islohotlari: xalqaro tajriba va milliy yondashuvlar” mavzusi muhokama qilindi.

Tadbir davomida davlat boshqaruvini aholiga yaqinlashtirish, vakolat va resurslarni hududlarga o‘tkazish, qaror qabul qilish jarayonlarini tezkor va samarali tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Xususan, nomarkazlashtirishning konseptual yondashuvlari, vakolatlarni vertikal va gorizontal taqsimlash, hududlar salohiyatidan kelib chiqib boshqaruv modelini joriy etish zarurligi ta’kidlandi.
Xalqaro tajriba asosida hududlarni rivojlantirish, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish, davlat xizmatlarini xalqqa yaqinlashtirish hamda raqamli boshqaruv mexanizmlarini joriy etish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida nomarkazlashtirish jarayonlarini tizimli amalga oshirish, aniq mexanizmlar asosida joriy etish hamda xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha amaliy takliflar ilgari surildi.
N.Abduraimova,
O‘zA