Yosh dzyudochilarimiz Osiyo kubogini 33 ta medal bilan yakunladi
Toshkent shahrida marhum sport fidoyisi Uchqun Murodov xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan kadetlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo kubogi o‘z nihoyasiga yetdi.
Musobaqaning so‘nggi kunida yoshlar o‘rtasida og‘ir vazn toifalarida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. O‘zbekiston terma jamoasi vakillari bahslarni yuqori saviyada o‘tkazib, musobaqani 9 ta oltin, 9 ta kumush va 15 ta bronza, jami 33 ta medal bilan yakunlab, umumjamoa hisobida birinchi bo‘ldi.
So‘nggi kun bahslarida ham o‘zbekistonlik dzyudochilar bir qator vazn toifalarida shohsupaga ko‘tarildi. -81 kilogramm vaznda Mustafo Shermahmatov kumush, Kamronbek Qodirov va Bekzod O‘ktamov bronza medallariga sazovor bo‘ldi.
-90 kilogramm vaznda Shahzod Shukurov bronza medalini qo‘lga kiritdi. +100 kilogramm vazn toifasida Fazliddin Rafiqov oltin medal sohibiga aylangan bo‘lsa, Iskandar Mamayusupov kumush, Alibek Durdiyev esa bronza medalini qo‘lga kiritdi.
[gallery-29710]
Qizlar o‘rtasidagi bahslarda -70 kilogramm vaznda Durdona Tursunova chempionlikni qo‘lga kiritdi. Nigina Saparboyeva bronza medaliga ega chiqdi.
-78 kilogramm vaznda Shoira Aminova bronza medali bilan taqdirlandi. +78 kilogramm vazn toifasida esa Zarina Bobonazarova oltin, Yulliana Shubladze kumush va Nafisa Rajapova bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
Shu tariqa, Toshkent tatamilarida o‘tgan Osiyo kubogi mamlakatimiz dzyudosida munosib zaxira shakllanayotganini yana bir bor namoyon etdi. Yosh sportchilarimizning muvaffaqiyatli ishtiroki kelgusidagi qit’a va jahon arenalari uchun ishonchli poydevor bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
Javohir Toshxo‘jayev,
Almurod Mamadaminov (surat), O‘zA