Huquqiy munosabat
Keyin vaqtlarda to‘satdan katta-kichchik yong‘inlarning tez-tez kuzatilayotganligi sabab hududlarda yong‘in havsizligini ta’minlashga alohida e’tibor berilib, ehtiyotkorlik chora-tadbirlari ko‘rilmoqda. Ayniqsa, qurilish ob’ektlarida qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish jarayonlarida huquqiy choralar tizimli amalga oshirilmoqda.
Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Javohir Eshonqulov bu borada batafsil tushuntirish berdi.
–O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yong‘inlar profilaktikasi samaradorligini oshirish va yong‘in xavfsizligi sohasida davlat nazoratini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi 332-son qarorga binoan, “Davlat yong‘in nazorati organlarining ijobiy xulosasini olmasdan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini auksionga chiqarish, qurilish obektlari loyiha-smeta hujjatlarini kelishish hamda qurilish-montaj ishlari tugallangan ob’ektlardan foydalanish uchun ruxsatnoma berish taqiqlanadi.

Xususan, davlat yong‘in nazorati organlari tomonidan xulosa berish muddati yetti kun etib belgilanadi. Davlat yong‘in nazorati organlariga loyiha-smeta hujjatlarini kelishish uchun mazkur hujjatlarning barcha qismlari taqdim etiladi. Davlat yong‘in nazorati organlari qurilish obektlarida qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish jarayonida shaharsozlik normalari va qoidalarining yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishini nazorat qiladi.
Shuningdek, aholi gavjum bo‘ladigan ob’ektlarda qonunchilikka muvofiq yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishi ustidan majburiy tartibda idoraviy yong‘in nazorati o‘rnatiladi.
2024 yil 1 yanvardan boshlab, bozorlar va savdo komplekslariga tegishli bino va inshootlarni yong‘in hamda boshqa xatarlardan, shuningdek, tadbirkorlik subektlarining mulkini yong‘in va tabiiy ofat oqibatida yetkaziladigan zarardan himoya qilish maqsadida, bozorlar va savdo komplekslariga tegishli bino va inshootlar mulkdorlarining javobgarligini majburiy sug‘urtalash tartibi joriy
etiladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA