Har birimiz yo‘l harakatining doimiy ishtirokchilarimiz: kimdir haydovchi, kimdir piyoda sifatida yo‘l harakatida bevosita ishtirok etadi. Yo‘l harakati qoidalariga og‘ishmay amal qilish esa xavfsizligimiz, salomatligimizga ziyon yetmasligini ta’minlaydi.
Afsuski, yo‘l-transport hodisalari soni kunora ko‘paymoqda, bu mudhish halokatlar oqibatida qanchadan-qancha insonlar sog‘lig‘iga putur yetyapti yoxud umriga zomin bo‘lmoqda.
Yaqinda poytaxtdan Samarqandga qarab yo‘l oldik. Manzilga yetib borgunimizga qadar bir emas, bir nechta avtohalokatlar sodir bo‘lganiga ko‘zimiz tushdi. Achinarlisi, bu kabi holatlar har kuni, har soatda sodir bo‘lib, fuqarolarning mayib-majruh bo‘lishiga yoxud bevaqt vafotiga sabab bo‘lmoqda.
Bu boradagi statistik raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2019 yilda 8 mingdan ortiq yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan bo‘lib, ularda 2 ming 67 nafar inson halok bo‘lgan, 7 ming 924 nafar inson tan jarohati olgan. 2020 yilda 6 ming 982 ta YTH oqibatida 1 ming 957 nafar inson halok bo‘lib, 6 ming 598 nafar inson tan jarohati olgan. 2021 yilda esa YTHlar soni 10 mingdan oshgan. Ularda 2,5 mingga yaqin inson halok bo‘lib, 9 ming 230 nafar inson tan jarohati olgan. 2022 yilda sodir etilgan 9 ming 902 ta YTHda 2 ming 356 nafar inson halok bo‘ldi va 9 ming 606 nafar inson tan jarohati olgan. 2023 yilning 10 oyi davomida esa 7 ming 616 ta YTH sodir etilib, ularda 1 ming 867 nafar inson halok bo‘lgan va 7 ming 62 nafar inson tan jarohati olgan.

Ko‘zimizga oddiygina bo‘lib ko‘rinayotgan bu raqamlar ortida shuncha insonning taqdiri, hayoti, sog‘lig‘i, yaqinlarining azob-uqubati, qayg‘usi turibdi. Qancha inson bir umrga nogiron bo‘lib, bir lahzalik baxtsiz hodisaning asoratini hayotining so‘ngiga qadar “totib” yashashga mahkum. Eng achinarlisi, qancha harakat qilinmasin, bu kabi halokatlar ko‘paysa, ko‘paymoqdaki, kamayayotgani yo‘q.
Yo‘l-transport hodisalarining sodir bo‘lish sabablarini tahlil qiladigan bo‘lsak, soha mutaxassislari bir qator omillarni aytishmoqda. Xususan, ayrim fuqarolarning qonunchilikda belgilangan javobgarliklarni mensimasligi, amaldagi yo‘l harakati qoidalarini bilmasligi, o‘qitmasdan va o‘rgatmasdan yagona namunadagi guvohnomaning berilishi kabilar baxtsiz hodisalarga sabab bo‘lmoqda.
Bundan tashqari, transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan va mast holdagi shaxslar tomonidan transport vositalarini boshqarilishi oqibatida ham ko‘plab yo‘l-transport hodisalari sodir etilayotir. Shu o‘rinda raqamlarga yuzlanadigan bo‘lsak, mast holda transport vositasini boshqarish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar 2020 yilda 25 mingdan ortiqni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilda 40,5 mingdan ortiq, 2022 yilda 47 ming 365 ta, 2023 yilning 10 oyi mobaynida 32 mingga yaqin huquqbuzarlik aniqlangan.
Shuningdek, 2020 yilda 3 ming 581 nafar, 2021 yilda 5 ming 450 nafar, 2022 yilda 7 ming 481 nafar, 2023 yilning 10 oyi mobaynida esa 6 ming 786 nafar haydovchi ma’muriy javobgarlikka tortilgandan so‘ng takroran transport vositasini mast holatda boshqarganligi ma’lum bo‘lgan.
Eng achinarlisi, mast holda transport vositasini boshqarish oqibatida har yili yuzdan ortiq YTH sodir etilib, ayanchli yakun topgani, ya’ni o‘lim bilan bog‘liqlari ko‘p. Masalan, 2020 yilda 56 tasi, 2021 yilda 65 tasi, 2022 yilda 55 tasi, 2023 yilning 10 oyi davomida 95 tasi o‘lim bilan bog‘liq hodisalardir.
Yo‘l-transport hodisalari ishtirokchilari orasida norasida bolalar, maktab o‘quvchilari va yoshlarning borligi har qanday insonning yuragiga og‘riq beradi, qalbini larzaga keltiradi. Orzulari bir olam, qalbi pok bo‘lgan bolalarning, serg‘ayrat yoshlarning kutilmaganda, baxtsiz hodisalar oqibatida hayotni tark etishi nafaqat ularning umriga zomin bo‘lishi, balki ota-onasi, yaqinlarini bitmas-tuganmas qayg‘uga, azobga solishi bilan ham achinarlidir.
Bu borada yaqinda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan e’lon qilingan bolalar va yoshlar o‘rtasida yuz berayotgan o‘lim holatlarining asosiy sababi tahliliga bag‘ishlangan global hisobotda ham dunyoda har daqiqada ikki kishi yo‘l-transport hodisalari oqibatida hayotdan ko‘z yumayotgani, bu holat 5 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lgan bolalar va yoshlar o‘rtasida sodir bo‘layotgan o‘lim ko‘rsatkichlarining asosiy omili bo‘lib qolayotgani qayd etilgan.
Tahlillarga ko‘ra, 2010-2021 yillar davomida faqat 10 ta davlat yo‘l-transport hodisalaridan o‘lim ko‘rsatkichlarini 50 foizdan ko‘proq qisqartirishga erishgan. Ular safida Belarus, Daniya, Yaponiya, Litva, Norvegiya, Rossiya, Birlashgan Arab Amirliklari yetakchi. Shuningdek, yana 35 mamlakatda 30-50 foiz pasayish tendensiyasi kuzatilgan. Yo‘l-transport hodisalarining eng ko‘p soni – 28 foizi Janubi-Sharqiy Osiyo, eng kami – 5 foizi Yevropa mintaqasida qayd etilgan.
Bundan anglash mumkinki, yo‘l-transport hodisalarining ayanchli oqibatlari butun dunyo mamlakatlarida dolzarb bo‘lib bormoqda. Uning oldini olish, baxtsiz hodisalarga yo‘l qo‘ymaslik har bir haydovchi va piyodadan, demakki, har birimizdan mas’uliyatni talab qiladi. Qonun ustuvorligiga, belgilangan talab va qoidalarga og‘ishmay amal qilish, avvalo, o‘z hayotimizni, qolaversa, yon-atrofimizdagi kattayu kichik yo‘l harakati ishtirokchilarining xavfsizligini asrashga zamin bo‘ladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA