2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini kelgusida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi PF-4947-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi (keyingi o‘rinlarda Harakatlar strategiyasi deb yuritiladi) mamlakatning davlat va jamiyat rivojlanishi istiqbolini strategik rejalashtirish tizimiga sifat jihatdan yangi yondashuvlarni boshlab berdi.
Harakatlar strategiyasini "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturining (keyingi o‘rinlarda Davlat dasturi deb yuritiladi) tasdiqlanishi strategik rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlarini amaliy ro‘yobga chiqarishning boshlang‘ich mexanizmi bo‘ldi.
Dastlabki sarhisoblar davlat organlari, nodavlat tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlarining Davlat dasturini samarali amalga oshirishga qaratilgan kuchlari, shu jumladan, xorijiy mutaxassislar va xalqaro ekspertlarni faol jalb qilgan holda chinakam jipslashganligini ko‘rsatdi.
Hozirgi kunda Harakatlar strategiyasining ijrosi yuzasidan davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini rivojlantirishga qaratilgan 15 ta qonun va 700 dan ortiq boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Xususan, davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish sohasida zamonaviy talablar hamda ustuvor yo‘nalishlarni inobatga olgan holda 16 ta vazirlik, idora va boshqa tashkilotlarning tuzilmasi, vazifa va funksiyalari qayta ko‘rib chiqildi, 20 ta davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar qayta tashkil etildi.
Sud-huquq tizimi tubdan qayta ko‘rib chiqildi. Sud hokimiyatining yagona oliy organi – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ma’muriy nizolarni, shuningdek, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga vakolatli bo‘lgan ma’muriy sudlar tashkil etildi.
Ichki ishlar organlari tizimi isloh qilinib, ularning asosiy faoliyati fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga – "Xalq manfaatlariga xizmat qilish"ga yo‘naltirildi.
Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish sohasida soliq tizimi isloh qilindi, halol soliq to‘lovchilar – xo‘jalik yurituvchi subyektlarga soliq ta’tillari berilishi nazarda tutildi.
Hududiy ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida 13 339 ta loyiha amalga oshirildi, 2,1 trln. so‘m kredit o‘zlashtirildi, 10 ta erkin iqtisodiy zona, 5 ta kichik sanoat zonasi tashkil etildi, “Peugeot” va “Citroyon” brendi bilan yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqarish bo‘yicha zavod barpo etilmoqda.
Ijtimoiy sohada faqatgina joriy yilning birinchi yarmida 2,7 ming km. avtomobil yo‘llari qurildi va ta’mirlandi, 84 300 ta ish o‘rni yaratildi.
2017-2020-yillarda shaharlarda energiya jihatdan samarador arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturi amalga oshirilmoqda, uning doirasida 50 286 ta xonadondan iborat 1 136 ta ko‘p qavatli uylarni, bundan tashqari, namunaviy loyiha asosida qishloq joylarida 75 ming turar joylarni qurish mo‘ljallangan.
Millatlararo totuvlikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish sohasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tashkil etildi.
Evropa Ittifoqi va 21 ta xorijiy mamlakat bilan savdo-iqtisodiy, investitsiya, texnologiya va moliyaviy-texnik sohalarda 22 ta “yo‘l xarita”lari tasdiqlandi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda Harakatlar strategiyasini amalga oshirishning borishi haqida aholi, fuqarolik jamiyati institutlari va xalqaro jamoatchilikni keng xabardor qilish ishlari amalga oshirildi. Joylarda 6 mingga yaqin uchrashuvlar, ommaviy axborot vositalarida teleko‘rsatuv va chiqishlar tashkil etildi.
Shu bilan birga, navbatdagi islohotlarni sifatli va oldindan rejalashtirish uchun 2017-yil yakunlari bo‘yicha erishilgan natijalarni chuqur o‘rganish va puxta tahlil qilish zarur.
Harakatlar strategiyasini amalga oshirish natijalari haqida aholi va jamoatchilikni keng xabardor qilish, shuningdek, 2017-yilda mamlakatni rivojlantirish yakunlarini sarhisob qilish va 2018-yilda navbatdagi islohotlarni rejalashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni tashkil etish maqsadida:
1. Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiya tomonidan barcha darajadagi davlat hokimiyati organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ijodiy va ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari, keksa avlod, ayollar va yoshlarning faol ishtirokida amalga oshirilayotgan Harakatlar strategiyasining dastlabki yakunlari o‘tkazilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha komissiyalar “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan birgalikda:
2017-yilning avgust-sentabr oylari davomida statistik va boshqa ma’lumotlarni yig‘ish, qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni va barcha darajadagi davlat organlari faoliyatining natijalarini o‘rganish, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, ilmiy doira vakillari va xorijiy mutaxassislarni keng jalb etgan holda uchrashuvlar, "davra suhbatlari", so‘rovlar, ekspert va jamoatchilik muhokamalari o‘tkazish orqali Harakatlar strategiyasini amalga oshirish yakunlari tizimli tahlil qilinishini;
2017-yil 1-dekabrga qadar muddatda mamlakatni rivojlantirish yakunlarini hisobga olgan holda “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturining ijrosi” axborot-tahliliy sharhi nashr etilishi va tarqatilishini;
Harakatlar strategiyasini 2018-yilda amalga oshirish bo‘yicha ishlab chiqiladigan Davlat dasturi loyihasiga kiritish uchun taqdim etiladigan dolzarb takliflarning tayyorlanishi, yig‘ilishi va umumlashtirilishini, ularning 2017-yil 10-noyabrga qadar muddatda Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiyaga ko‘rib chiqish uchun kiritilishini ta’minlasin.
3. Belgilansinki, Harakatlar strategiyasini 2018-yilda amalga oshirish bo‘yicha ishlab chiqiladigan Davlat dasturi loyihasiga kiritiladigan takliflar faqat keng jamoatchilik bilan dastlabki muhokama qilingandan keyin ko‘rib chiqiladi.
4. Vazirlar Mahkamasi Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha komissiyalar bilan birgalikda ushbu farmoyishning ikkinchi bandida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatini muvofiqlashtirishni ta’minlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi quyidagilarni nazarda tutuvchi choralarni ko‘rsin:
xorijiy va xalqaro jamoatchilik o‘rtasida "2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturining ijrosi” axborot-tahliliy sharhini tarqatish, shuningdek, Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiyani xabardor qilish uchun ularning fikrlarini keyinchalik yig‘ish;
Harakatlar strategiyasini 2018-yilda amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi loyihasiga kiritiladigan takliflarni tayyorlash jarayonida, zarurat bo‘lganda xalqaro, chet el hukumat va nohukumat tashkilotlari vakillarini jalb qilgan holda, Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha komissiyalarga ilg‘or xorijiy mamlakatlarning tegishli tajribasini o‘rganishni tashkil etishda ko‘maklashish.
6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha komissiyalarning asoslantirilgan takliflari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan mazkur farmoyish ijrosi bilan bog‘liq tadbirlarni moliyalashtirish uchun mablag‘lar ajratsin.
7. Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni xizmatlari, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar rahbarlari, shuningdek, Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha komissiyalar a’zolari mazkur farmoyishda nazarda tutilgan vazifalarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarilishi uchun shaxsan javobgardir.
8. Mazkur farmoyishning ijrosini nazorat qilish Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha komissiyalar rahbarlari zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2017-yil 15-avgust