Yil oxiriga borib, avtobuslar yana ko‘payadi
Buxoro viloyatida aholiga ko‘rsatilayotgan jamoat transporti xizmatlari sifatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. So‘nggi yillarda aholi sonining o‘sishi, shaharlar va tumanlar o‘rtasidagi qatnovlarga bo‘lgan ehtiyojning ortishi hamda zamonaviy transport infratuzilmasini shakllantirish zarurati mazkur sohada tub o‘zgarishlarni talab etmoqda.
Shu maqsadda Buxoro viloyatida avtobuslar parkini yangilash, yo‘lovchilar uchun qulay va xavfsiz sharoit yaratish, transport xizmatlarining qamrovini kengaytirish hamda ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.
Viloyat Transport boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, tadbirkorlik sub’ektlari bilan hamkorlikda joriy yil davomida jami 175 ta zamonaviy avtobus xarid qilinishi rejalashtirilgan. Bu esa nafaqat jamoat transporti parkining yangilanishi, balki butun hudud transport tizimining sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilishini anglatadi.
Bugungi kunga qadar mazkur dastur doirasida muhim natijalarga erishildi. Xususan, “Bux Pit-Stop NGP” korxonasi tomonidan 25 ta zamonaviy Yutong avtobusi viloyatga olib kelinib, yo‘nalishlarga chiqarildi. Yo‘lovchilar uchun keng va qulay salon, zamonaviy xavfsizlik tizimlari hamda yuqori texnik ko‘rsatkichlarga ega ushbu avtobuslar qisqa vaqt ichida aholi e’tiborini qozonmoqda.
Shuningdek, “Progress Mega Trans” MCHJ hamda “Buxaraneveshservis” MCHJ tomonidan Xitoyning yetakchi transport ishlab chiqaruvchilari hisoblangan Zongtong va Yutong kompaniyalarida ishlab chiqarilgan yana 36 ta katta sig‘imli avtobus viloyatga keltirildi. Bu transport vositalari aholi gavjum yo‘nalishlarda qatnovlar sonini oshirish va tirbandliklarni kamaytirishga xizmat qiladi.
Transport sohasidagi investitsiyalar izchil davom etmoqda. Jumladan, “Miramax Travel” MCHJ tomonidan 16 ta Zongtong avtobusini xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzolangan bo‘lib, hozirda ularni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish ishlari olib borilmoqda. Shu bilan birga, “Miramax Turist Trans” korxonasi 24 ta yangi Yutong avtobusini sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzib, zarur bo‘nak to‘lovlarini amalga oshirgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, loyihaning ikkinchi bosqichi doirasida joriy yilning uchinchi choragi yakuniga qadar yana 74 ta avtobus Buxoro viloyatiga yetkazib beriladi. Natijada shahar va tumanlardagi qator yo‘nalishlar to‘liq yangilanib, aholiga ko‘rsatilayotgan transport xizmatlari sifat jihatidan mutlaqo yangi darajaga chiqishi kutilmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, mazkur yangilanishlar bir vaqtning o‘zida bir nechta muhim vazifani hal etadi. Ya’ni, aholining jamoat transportidan foydalanish imkoniyatlari kengayadi. Eski va texnik jihatdan eskirgan avtobuslar bosqichma-bosqich almashtiriladi. Qatnovlar muntazamligi ta’minlanadi. Shahar ko‘chalaridagi tirbandliklar qisqaradi. Yonilg‘i tejamkor va ekologik xavfsiz transport vositalari hisobiga atmosferaga chiqariladigan zararli chiqindilar kamayadi. Turizm salohiyati yuqori bo‘lgan Buxoroda mehmonlar uchun yanada qulay transport muhiti yaratiladi.
Viloyatda amalga oshirilayotgan transport islohotlari oddiy avtobus xarid qilish bilan cheklanmaydi. Bu — aholi turmush sifati, shaharsozlik madaniyati va hududning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga qaratilgan strategik qadamdir. Yaqin oylarda yuzlab yangi avtobuslarning yo‘nalishlarga chiqishi bilan Buxoro nafaqat tarixiy va turistik markaz, balki zamonaviy va qulay jamoat transporti tizimiga ega hudud sifatida ham yangi qiyofa kasb etishi kutilmoqda. Bugun boshlangan bu yangilanishlar ertangi kunning yanada qulay, xavfsiz va barqaror transport muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri