Buxoro viloyatda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi “Progress mega trans” korxonasi tomonidan 24 ta, shuningdek, “Miramax Tourist Trans” MCHJ tomonidan bir dona “Kinglong” kompaniyasida ishlab chiqarilgan avtobus keltirildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Buxoro viloyat hokimi Botir Zaripov, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, hudud faollari, nuroniylar, soha mutaxassislari va jurnalistlar ishtirok etdi.

Ushbu avtobuslar yo‘lovchilar uchun qator qulayliklarga ega. Jumladan, avtobus 30 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan. Avtobus saloni to‘liq kuzatuv kameralari bilan ta’minlangan. Avtobus saloni isitish va sovutish tizimlari bilan jihozlangan. Bundan tashqari, imkoniyati cheklangan fuqarolarning chiqib tushishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan.

Yuqori darajadagi qulayliklarga ega bo‘lgan zamonaviy avtobuslar tez orada Buxoro shahri yo‘nalishlarida qatnovlarni amalga oshirib, yo‘lovchilarga transport xizmati ko‘rsatishni boshlaydi. Shu orqali Buxoro shahrida jamoat transportining sifat jihatidan yanada yaxshilanishiga erishiladi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida “Progress mega trans” korxonasi tomonidan XXRda ishlab chiqarilgan zamonaviy 12 dona “Zong tong” rusumli avtobuslar keltirilgan edi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.