YIGITLAR, AXIR BU “TOTTЕNXEM”KU!
Sarlavhani o‘qib gap mavzusi Angliyaning “Tottenxem” klubi haqida ekan deb o‘ylamang. Umuman olganda qisman shu klubga aloqador. Ammo hozir jahon birinchiligi davom etayotgan bir pallada oddiy bir klub haqida fikr bildirishga harakat qilmayman.
Sarlavhani o‘qib gap mavzusi Angliyaning “Tottenxem” klubi haqida ekan deb o‘ylamang. Umuman olganda qisman shu klubga aloqador. Ammo hozir jahon birinchiligi davom etayotgan bir pallada oddiy bir klub haqida fikr bildirishga harakat qilmayman.
“Manchester Yunayted” klubining afsonaviy murabbiyi Ser Aleks Fergyusson agar jamoasi birinchi bo‘limda “Tottenxem”ga mag‘lub bo'lib turgan bo‘lsa, tanaffusda yigitlariga mana shu jumlani aytib, ularning ruhiyatini ko‘tarishga urinar ekan. Yo‘q, bu yerda klubni kuchli degan ta’kid yotmayapti, gap shundaki, kuchli mutaxassis bo‘lgan Fergyusson “Tottenxem” futbolchilarining imkoniyatini, salohiyatini juda yaxshi bilgan.

“Ular bir oz dovdirroq, ozgina ayyorlik qilsang, sening imkoniyatlaring bo‘yicha o‘ynashadi. Shunchaki, ularni tizgindan chiqarish kerak”, deb fikr yuritardi.
Ha, “Tottenxem” yillar o‘tgani bilan o‘sha uslubidan voz kechgani yo‘q. Hozir ham shunday. Kuboklarning finallariga chiqadi. Chiroyli o‘ynaydi –– yutqazadi. Chempionlik uchun oxiriga qadar kurashadi. Yakunda esa boshqalar chempionlikni ilib ketadi. Muhim o‘yinlarda jamoaning ruhiyati, g‘oliblik an’analari kamligi jamoaga to‘sqinlik qiladi.
“Ot aylanib qozig‘ini topadi”. Mulohazamizning asosiy bayoniga ham yetib keldik. Kecha oqshom Angliya terma jamoasi Xorvatiyaga har tomonlama mag‘lub bo‘ldi. O‘yinni ko‘rganlar bunga amin bo‘lishgandir. Keling, inglizlarning mag‘lubiyatiga sabab bo‘lgan omillarni tahlil etib ko‘raylik.

Angliya o‘yinga o‘zgarmas tarkibi bilan tushdi. Jamoa o‘yindan o‘yinga sayqallanib borayotgandi. Biroq hamma gap ijrochilarda edi. E’tibor bering: Harri Keyn, Kiran Trippiyer, Eriy Dayer, Delli Alli, Denni Rouz va o‘tgan yili “Manchester Siti” safiga borib qo‘shilgan Kayl Uoker. Sizga qaysi klubni eslatmoqda? To‘g‘ri topdingiz –– “Tottenxem”! Jamoa asosini aynan shu klub futbolchilari tashkil etadi. Terma jamoa sardori ham “Tottenxem” vakili. Kechagi o‘yinni ko‘rdingiz. Angliya hisobni juda tez ochdi. Golni ham “Tottenxem” vakili kiritdi. Ammo inglizlar shu bilan to‘xtab qoldi. Goldan so‘ng ehtiyotkorlik rejimiga o‘tdi. Hisobni ushlab turish, raqibni qarshi hujumda jazolashga harakat qildi inglizlar. Biroq hujumdagi “Tottenxem” vakillarining omadi kelmadi. Harri Keynning nursiz o‘yini, o‘yin sur’ati tenglashgach, huda-behudaga asabiylashadigan Delli Alli murabbiyning tanlovi sabab markaziy himoyachiga aylangan Kayl Uokerlar o‘z darajalarida to‘p surishmadi. Kerak paytda jamoani o‘zi bilan ergashtirish Harri Keynning qo‘lida kelmadi. Ha, u hozirda mundialda to‘purarlik qilmoqda. Ammo shunga qaramay, to‘p uzatishlar, xavfli vaziyatlarni yaratish, paslarning samaradorligi, jamoa uchun foydalilik mezonlari bo‘yicha o‘rtamiyona futbolchi darajasida to‘p surmoqda. Jahon chempionatidagi oltita golning beshtasi ham Keyn nisbatan kuchsiz Tunis va Panamaga qarshi kechgan o‘yinlarda kiritdi. Muhim bellashuvlarda esa u qadar ko‘zga tashlanmayapti. Kolumbiyaga kiritilgan gol ham penaltidan urilganini inobatga olinsa Keyn mutaxassis va muxlislar kutgan yetakchilik futbolni namoyish etganicha yo‘q. Undan kamroq to‘p kiritgan bo‘lsa-da, yetakchilik, jamoani ortidan ergashtirish bo‘yicha Romelu Lukaku, Krishtianu Ronaldu singari naf berganicha yo‘q.

Muammo terma jamoa asosi “Tottenxem” futbolchilari atrofiga qurilganligida. To‘g‘ri, klub va futbolchilar yorqin mavsumni o‘tkazdi. Fransiya yashil maydonlarida o‘tgan “Yevro-2016”da ham xuddi shu jarayon kuzatilgandi. O‘sha chempionatdagi inglizlarning muvaffaqiyatsiz ishtiroki omili aynan mana shu holat deb qaralgandi. “Iste’dodli, yosh, ammo kerak paytda o‘yin tizginini qo‘liga oladigan, chinakam sardorlik xislatlari “Tottenxem” futbolchilarida yetishmaydi. Ular jamoani tark etishlari, top klublar bilan shartnoma imzolashlari kerak” degan fikrlar ekspertlar tomonidan bildirilgandi. Oradan ikki yil o‘tdi. Uokerdan boshqa hech kim “Tottenxem”ni tark etishga shoshilmadi.

Inglizlar o‘yinidagi kamchilik maydonda ustunlik qilayotgan pallada o‘yin sur’atini tushirganida bo‘ldi. Xorvatiya tezkor goldan sarosimaga tushib qolgan, bundan esa tumanli albion vakillari tezlikni oshirib, gollar kiritishga harakat qilishlari lozim edi. Ammo Harri Sautgeyt shogirdlaridan ehtiyotkorlik bilan to‘p surishni talab qildi. Bir kun avval Fransiya tanlagan taktika ostida to‘p surishga intildi. Ammo u o‘yin bunisining o‘rtasida farq borligini inglizlar unutdi. Birinchi yarim finalda Belgiya birinchi raqam ostida to‘p surgan, fransuzlar qarshi hujumda omadini sinab ko‘rayotgandi. Angliya esa o‘yinni nazorat qilayotgan pallada uni raqibning qo‘liga topshirdi. Bu bilan esa omadsizligiga sababchi bo‘ldi.

Angliyaning ishonchsiz o‘yini bilan bir qatorda shuni alohida ta’kidlash kerakki, Xorvatiya kecha o‘z imkoniyati bo‘yicha to‘p surdi. Xorvatiyaga tan bermasdan iloj yo‘q. Mana ketma-ket uchinchi o‘yindirki, 120 daqiqa davomida maydonda to‘p surishyapti. Angliyalik futbol mutaxassislari “qo‘shimcha bo‘limlar boshlanganda Xorvatiyaga avvalgi o‘yinlar charchog‘i xalaqit qiladi, inglizlar esa bundan foydalanadi” deb o‘ylashdi. Xorvatiya ana shu taxminlarni yo‘qqa chiqardi. Jamoatchilik nigohida esa Xorvatiya ana shu bo‘limlarda xavfliroq ko‘rinishi, jamoa o‘ziga qayerdandir kuch topib, raqibdan ustunlik qilishini namoyon etdi. Jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha Xorvatiya barcha jamoalarga dars bermoqda.

O‘yin tugagach, turfa xil fikrlar ko‘payib ketadi. Tabiiy jarayon. G‘oliblar muhokama etilmaydi, mag‘lublardan sabablar izlanadi. Biz ham o‘z fikrimizni, mulohazamizni bayon etdik. Biroq Angliya g‘oliblik uchun yaqin kelayotgandi. Shunchaki, yelkasida turgan baxt qushini uchirib yuborishdi. Endi bu qush qachon ana shu yelkalarga qo‘nishini esa vaqt ko‘rsatadi.