Yevropada o‘rmon yong‘ini 19 milliard yevro zarar keltirdi
2026-yil boshidan buyon Yevropada kuzatilgan vayronkor o‘rmon yong‘ini oqibatida yetkazilgan iqtisodiy talafot 19 milliard yevrodan oshib ketdi.
Amerikaning “AccuWeather” meteorologiya kompaniyasi tahliliga ko‘ra, ofat shu kungacha 530 000 gektardan ziyod maydonni kulga aylantirgan. Eng ko‘p zo‘riqishni Ispaniya va Fransiya boshdan kechirmoqda. Dastlabki hisob-kitobga asosan, umumiy moliyaviy yo‘qotish 15,6-19,1 milliard yevroni tashkil etmoqda. Ushbu raqamlar infratuzilmaga yetgan shikast, ofat asoratini bartaraf etish xarajati, tadbirkorlikdagi yo‘qotish va aholi salomatligiga yetkazilgan zararni qamrab olgan.
Mutaxassislar anomal issiq va surunkali qurg‘oqchilik sabab, kamida kuzgacha yangi o‘rmon yong‘ini kelib chiqish xavfi yuqori darajada saqlanib qolishidan ogohlantirdi. Meteorologlar taxminiga ko‘ra, eng xavfli vaziyat G‘arbiy va Markaziy Yevropa hududida kutilyapti. Fransiyaning qator viloyatlari, Ispaniya shimoli va Britaniya orollari janubiy qismi eng yuqori xavf zonasiga kiritilgan. Skandinaviya janubi, Italiya, Bolqon yarim oroli va sharqiy Yevropa mamlakatlarida ham yirik alangalanish sodir bo‘lish ehtimoli saqlanib qolmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA