Yevropa Ittifoqining Inson huquqlari bo‘yicha maxsus vakili Imon Gilmor va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Terxi Xakala mamlakatimizga rasmiy tashrifi doirasida Buxoroga safar qildi. Martabali mehmonlar qadimiy shaharni ziyorat qilganidan bexad mamnun.
Delegatsiya vakillari Somoniylar maqbarasi, Ark qo‘rg‘oni, Abdullaxon madrasasi, “Poyi Kalon”, “Toqi sarrofon”, “Toqi telpakfurushon”, “Labi hovuz” hamda “Nodir Devonbegi” majmualari bilan yaqindan tanishdi.

– Vatanim Irlandiya bilan yurtingiz O‘zbekiston o‘rtasida, oraliqdagi olis masofadan qat’i nazar, ajib bir o‘xshashlik ko‘rdim. Tarixiy taraqqiyot yo‘llarimizning yaqinligiga guvoh bo‘ldim, – dedi Imon Gilmor. – Ko‘hna Buxoro ko‘chalarini kezar ekanman, o‘zimni xuddi O‘rta asrlar zamoni va makoniga kelib qolgandek his qildim. Mening yurtimda ibodatxonalar qancha ko‘p bo‘lsa, bu yerda shuncha ko‘p madrasalarga duch keldim.

Uzoq tarixda Irlandiya ibodatxonalari ta’lim o‘choqlari vazifasini o‘tagan, ularda tahsil olgan ajdodlarimiz keyinchalik butun Yevropa bo‘ylab lotin madaniyati va nasroniylikni targ‘ib etishgan. O‘z navbatida, O‘zbekiston zaminida islom sivilizatsiyasi taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan ulug‘ allomalar yetishib chiqqani haqida menga so‘zlab berishdi.

YeI vakili diyorimizda boy madaniyat va turfa an’analarni o‘zida mujassam etgan noyob tarix borligini alohida ta’kidladi. Tarixiy meros va azaliy qadriyatlarni kelajak avlodlar uchun asrab-avaylab saqlashga bo‘lgan e’tibor mehmonlar diqqatini tortdi.
Tashrif davomida ular Buxoro shahridagi yahudiylar sinagogasini ham borib ko‘rdi. YeI vakillarini musulmonlarning masjidu madrasalari joylashgan shahar markazida sinagoga ham emin-erkin faoliyat yuritayotgani xursand qildi.

I.Gilmorning e’tirof etishicha, turli diniy konfessiyalarning yonma-yon tinch-osuda faoliyat yuritishining bu taxlit ko‘p asrlik ibratli amaliyoti har qancha tahsinga loyiq. Sayyohlarning ko‘pligi, o‘z navbatida, O‘zbekiston tom ma’nodagi sayyohlik markaziga aylanayotganidan dalolat beradi.
Terxi Xakala o‘zbekona mehmondo‘stlikdan behad hayratlanganini yashirib o‘tirmadi. Uning ta’kidlashicha, g‘aroyib madaniy dasturlar, O‘zbekiston turli mintaqalarning o‘ziga xos xususiyatlarini ochib beradigan qiziqarli konsertlar hech kimni befarq qoldirmaydi.

Ittifoqning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili mehmondo‘stlik uchun O‘zbekiston rahbariyatiga o‘z minnatdorligini izhor etdi.
YeIning Inson huquqlari bo‘yicha maxsus vakili ham Buxoro ziyorati, mahobatli hamda muhtasham me’moriy obidalar ko‘rku tarovatidan quvonch va hayrati ortganini qayd etdi. O‘zbek taomlari juda ma’qul bo‘lganini, kelgusida Samarqand va Xiva shaharlarini ham ziyorat qilish niyatida ekanini bildirdi.
O‘zA