Yegor Bolotov Paraosiyo o‘yinlarida delegatsimizga uchinchi oltin medalni keltirdi
Yaponiya mezbonlik qilayotgan V Paraosiyo o‘yinlarida para sportchilarimiz delegatsiyamizga medallar shodasini taqdim etishda davom etmoqda.
Gap shundaki, Aichi va Nagoya shaharlarida o‘tayotgan Paraosiyo o‘yinlarining parasuzish dasturlarining erkaklar o‘rtasidagi S13 toifasida 100 metrga erkin usulda suzish finalida Yegor Bolotov 52,90 soniya natija qayd etib, marraga birinchi bo‘lib yetib keldi va oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Erkaklar o‘rtasida S12 toifasida 100 metrga erkin usulda suzish bahslarida Dmitriy Xorlin kumush medal bilan taqdirlandi. Ayollar o‘rtasidagi S13 toifasida 100 metrga erkin usulda suzish bahslarida Mubinabonu Xalilova kumush, Muslima Odilova esa bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, para yengil atletika bahslarida ishtirok etgan Omadbek Hasanov yengil atletikaning T47 tasnifidagi uzunlikka sakrash finalida 6,99 metr natija qayd etib, musobaqani ikkinchi o‘rinda yakunladi.
Ayni damda O‘zbekiston hisobidagi medallar soni 3 ta oltin, 7 ta kumush va 6 ta bronza , jami 16 ta medalga yetgan holda umumjamoa hisobida kuchli uchlikdan joy olgan.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA