Jizzax viloyatidagi umumiy o‘rta ta’lim, kasb-hunar texnikumlari va oliy ta’lim muassasalarida 15 aprel – Ekologiyaga oid bilimlar kuniga bag‘ishlab bir qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Kurrai zaminimizda ekologik vaziyat kun sayin keskinlashib borayotgan ayni paytda ekologik muammolarni bartaraf etish uchun ekologik bilimlarimiz yuqori darajada bo‘lmoqligi talab etiladi. Shu sababdan har yili dunyoning ko‘plab davlatlarida Ekologiyaga oid bilimlar kuni keng nishonlanib kelinmoqda.
Bu kun Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida 1992 yilda o‘tkazilgan BMT konferensiyasidagi atrof-muhit muammolari muhokamasida insoniyatning hayoti va barqarorligi uchun butun dunyo aholisi o‘rtasida ekologik bilimni targ‘ib etish maqsadida nishonlash taklif etilgan edi. 33 yildirki, O‘zbekistonda ham bu kun keng nishonlanib kelinmoqda.
“Tabiatini asrash va ekologik tafakkurni rivojlantirish yo‘lida birga harakat qilamiz!” shiori ostida Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika universitetida Yosh ekologlar kengashi tomonidan “Eko haftalik” doirasida o‘tkazilgan “Yeco Art” rasmlar ko‘rik-tanlovi ko‘pchilikning diqqat markazida bo‘ldi.
Atrof-muhitga mehr, tabiatga e’tibor va ijodkorlik uyg‘unlashgan mazkur tanlovda talaba-yoshlar o‘zlarining ekologik mavzudagi ijodiy ishlari bilan ishtirok etdi.
– Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan e’lon qilingan joriy “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” hamda Ekologiyaga oid bilimlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan ushbu ko‘rik-tanlov nafaqat yosh rassomlar uchun o‘z iqtidorlarini namoyon etish maydoniga, balki ekologik tafakkurni rivojlantirishga ham xizmat qiluvchi muhim qadamga aylanganini alohida ta’kidlab o‘tgan bo‘lardim, – deydi Jizzax davlat pedagogika universiteti rektori, professor Shavkat Sharipov. – Ushbu sanani nishonlashdan ko‘zlangan asosiy maqsad – universitetimiz talaba-yoshlari va pedagogik jamoasining ekologik bilimini yanada boyitish g‘oyasini ilgari surish, aholida, ayniqsa, yoshlarimizda ekologik madaniyatni rivojlantirish, jamiyatning ekologik xavfsizligi haqida jamoatchilikning xabardorligini oshirish hamda har bir fuqaroni tabiatga hurmat-ehtirom ruhida tarbiyalashni targ‘ib etishdir.
Shu o‘rinda har bir tadbir ishtirokchilari tomonidan yaratilgan suratlarda tabiatni asrash, ekologik muammolar va ularning yechimlari o‘ziga xos tarzda tasvirlanganligini ham alohida qayd etish lozim.
Talabalarning eng yaxshi ishlari nufuzli hakamlar hay’ati tomonidan e’tirof etilib, g‘oliblar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Shuningdek, “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” hamda 15 aprel – Ekologiyaga oid bilimlar kuni munosabati bilan Jizzax viloyat Yosh ekologlar harakati kengashi hamda vohada faoliyat ko‘rsatayotgan “Eko+volontyorlar” jamoasi tashabbusi bilan Jizzax shahar 1-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internatida “Eko zakovat” intellektual o‘yini bo‘lib o‘tdi.
[gallery-22841]
– Bugun biz atrof-muhitimizning tozaligi uchun muhim bo‘lgan kun – Ekologik bilimlar kunini nishonlayapmiz, – deydi Yosh ekologlar harakati kengashi a’zosi, tadbir tashkilotchilaridan biri Jumanazar Xolmatov. – Bu kun tabiat, uning boyliklari va atrofimizdagi dunyoga g‘amxo‘rlik qilish muhimligi haqida ma’lumot tarqatishga bag‘ishlangan. Ushbu qiziqarli “Eko zakovat” intelektual bellashuvini o‘tkazishdan asosiy maqsad – o‘quvchi-yoshlarimizda ekologik tafakkurni rivojlantirish va ularning atrof-muhit haqidagi bilimlarini yanada boyitish va mustahkamlashdan iboratdir.
Bellashuvda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoa a’zolari sertifikat hamda jahon va o‘zbek adabiyoti durdonalari kutubxonasi javonidan o‘rin olgan noyob kitoblar jamlanmasi bilan taqdirlandi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari