Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Konimex tumanidagi Sho‘rko‘l qishlog‘i yaqinida joylashgan Buxoro cho‘l yaylov ozuqabop o‘simliklar urug‘chiligi ilmiy-ishlab chiqarish markazining Navoiy tajriba uchastkasiga tashrif buyurib, u yerda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, chorvachilik uchun mustahkam ozuqa bazasini yaratish hamda qishloq aholisining daromadlarini oshirishdan iborat. Ayniqsa, cho‘l va yaylov hududlarida mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, ilmiy yondashuv asosida yangi texnologiyalarni joriy etish dolzarb vazifalardan sanaladi. Jumladan, Navoiy viloyati Konimex tumanida yo‘lga qo‘yilayotgan yaylov o‘simliklari urug‘chiligi ana shunday istiqbolli loyihalardan biridir.
2000 gektar maydonni qamrab oladigan mazkur hududda cho‘l va yaylov sharoitiga mos, chorva hayvonlari uchun ozuqa bo‘ladigan o‘simliklarni yetishtirish, ularning urug‘larini ko‘paytirish va ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish rejalashtirilgan.

– Loyihaning dastlabki bosqichida 5 gektar maydonda tajriba sifatida turli preparat va elementlarning o‘simliklar o‘sishi va rivojlanishiga ta’siri o‘rganiladi, – deydi filial boshlig‘i Obloqul Hamitov. – Jumladan, alohida maydonlarda xamirturush (drojja) va shakar, boriy kislotasi, kremniy, marganes hamda aspirin aralashmasi asosidagi tajribalar o‘tkaziladi. Tajriba jarayonida o‘simliklarning unib chiqishi, ildiz tizimining rivojlanishi, o‘sish dinamikasi va hosildorligi muntazam kuzatib boriladi. Olingan natijalar ilmiy tahlil qilinib, eng samarali usullarni aniqlashga xizmat qiladi. Bu esa agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy tamoyillaridan biri – qarorlarni ilmiy yondashuv va amaliy natija asosida qabul qilishga mos keladi. Samaradorligi yuqori bo‘lgan texnologiyalar keyinchalik keng joriy etilib, yaylov xo‘jaligida foydalanish uchun texnologik tavsiyalar va dasturlar ishlab chiqiladi.
Loyihada ilmiy-tadqiqot institutlarining salohiyatidan keng foydalanish, mahalliy iqlim va tuproq sharoitiga mos yaylov o‘simliklarini aniqlash hamda ularning urug‘chiligini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda iqtisodiy samaradorlik bilan bir qatorda ijtimoiy masalalar ham e’tibordan chetda qolmaydi. Hududga yaqin qishloqlarda istiqomat qiluvchi aholi va yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularning daromad manbalarini kengaytirish, mahalliy aholini yangi agrotexnologiyalarni o‘zlashtirish va ishlab chiqarish jarayonlariga jalb etish ko‘zda tutilgan.

Keyinchalik “Konimex tajribasi” natijasida samaradorligi yuqori bo‘lgan usul aniqlanib, uni respublika miqyosida yaylov xo‘jaligini rivojlantirish amaliyotiga joriy etish rejalashtirilgan.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri