Yashirincha olib kirishga urinishlar o‘z vaqtida aniqlandi
Bojxona nazorati — chegaradan o‘tayotgan har bir yukning oddiy tekshiruvi emas. Uning ortida mamlakat iqtisodiy xavfsizligi, aholi salomatligi va jamiyat manfaatlarini himoya qilishdek ulkan mas’uliyat mujassam. Ayniqsa, hujjatlarda bir mahsulot sifatida ko‘rsatilib, amalda inson salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan moddalarni yashirincha olib kirishga urinishlar o‘z vaqtida aniqlanishi nihoyatda muhim.
Buxoro viloyatida bojxona xodimlari tomonidan fosh etilgan navbatdagi holat ana shunday jiddiy xavfning oldi olinganini ko‘rsatdi.
Respublika hududiga olib kirilishi taqiqlangan nikotin moddasini mamlakatimizga yashirincha olib kirishga bo‘lgan urinish Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan bartaraf etildi.
Hujjatda — parfyumeriya xomashyosi, amalda esa... Ma’lum bo‘lishicha, yurtimiz hududiga import bojxona rejimi asosida olib kirilgan yuk hujjatlarda, jumladan, bojxona yuk deklaratsiyasida parfyumeriya mahsulotlari uchun xomashyo sifatida rasmiylashtirilgan. Bir qarashda oddiy ishlab chiqarish xomashyosidek ko‘ringan mazkur yuk “Xavfni boshqarish tizimi” tomonidan “sariq yo‘lak”ka yo‘naltirilgan.
Shundan so‘ng mahsulotning tarkibi va xususiyatini aniqlash maqsadida tegishli ekspertiza tayinlandi. X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazining xulosasi ham dastlabki natijalarni tasdiqladi. Ya’ni, yuk tarkibi elektron sigaretalar ishlab chiqarishda asosiy komponentlardan biri sifatida qo‘llaniladigan suyuq nikotin ekani rasman tasdiqlandi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, umumiy og‘irligi 70 kilogramm bo‘lgan suyuq nikotinning qiymati 2 milliard 100 million so‘mni tashkil etadi.

Mazkur holat bojxona nazoratining nechog‘li muhim ekanini yana bir bor ko‘rsatadi. Zero, kontrabandaga qarshi kurash faqat noqonuniy tovarni ushlash bilan cheklanmaydi. Bu, avvalo, mamlakat hududiga inson salomatligi, iqtisodiy barqarorlik va jamoat xavfsizligiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarning kirib kelishining oldini olish demakdir.
Hozirgi kunda mazkur holat yuzasidan barcha protsessual harakatlar yakunlangan. Qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli sud qarori asosida ushbu tovarlarni yo‘q qilish ta’minlanadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri