Qonunbuzarlikka urinishning oldi olindi
Buxoro viloyatida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun qonuniy va shaffof muhitni ta’minlash, davlat iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish hamda bojxona sohasida qonun ustuvorligini ta’minlash borasida zamonaviy axborot texnologiyalar va “xavfni boshqarish” tizimlarining joriy etilishi qonunbuzarliklarni erta aniqlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Jumladan, Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining “Olot” chegara bojxona postida bojxona to‘lovlaridan asossiz imtiyoz olishga qaratilgan navbatdagi urinish bojxona xodimlarining tezkor va sinchkov nazorati natijasida o‘z vaqtida fosh etildi.
Ma’lum bo‘lishicha, xorijdan olib kirilgan tovarlar bojxona yuk deklaratsiyasida imtiyoz qo‘llaniladigan TIF TN kodi ostida rasmiylashtirilgan bo‘lib, hujjatlarda polietilen qoldiqlari sifatida ko‘rsatilgan. Biroq bojxona organlarining avtomatlashtirilgan “xavfni boshqarish” axborot tizimi ushbu yukni xavf darajasi yuqori deb baholab, “sariq” yo‘lakka yo‘naltirgan.
Shundan so‘ng bojxona xodimlari tomonidan yuzaga kelgan shubhalarni bartaraf etish maqsadida yuk belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi va jarayonida tovarlar hujjatlarda ko‘rsatilgan ma’lumotlarga mos kelmasligi aniqlandi.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, qayta ishlangan polietilen sifatida rasmiylashtirilgan mahsulotlar aslida birlamchi turdagi polietilen ekani ma’lum bo‘ldi. Demak, tovarga nisbatan noto‘g‘ri TIF TN kodi qo‘llanib, bojxona to‘lovlaridan imtiyoz olishga urinilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur qonunbuzarlik orqali qariyb 30 million so‘m miqdoridagi bojxona to‘lovlaridan qochishga harakat qilingan. Shuningdek, umumiy qiymati 350 million so‘mga teng bo‘lgan tovarlar vaqtincha saqlovga olindi va holat yuzasidan belgilangan tartibda tekshiruv ishlari davom etmoqda.
Bojxona organlari tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun yaratilgan yengilliklardan maqsad — tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsion muhitni yaxshilash va qonuniy savdo aylanmasini kengaytirishdan iborat. Shu bois, sohada shaffoflikni ta’minlash va har qanday qonunbuzarlikka qarshi murosasiz kurashish ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
“Olot” chegara bojxona postida aniqlangan mazkur holat bojxona nazorati tizimi samaradorligi, raqamli texnologiyalarning ahamiyati va qonun ustuvorligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘z natijasini berayotganini yana bir bor ko‘rsatdi.
Zarif Komilov, O‘zA