Mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu boradagi yumushlar hamma joyda ham risoladagidek olib borilmoqdami?
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi Buxoro viloyat boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, viloyatda 2024 yil kuz mavsumida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida qariyb 7 million 188 ming dona ko‘chat ekilgan. O‘rmon xo‘jaliklari, ko‘chatchilik yo‘nalishidagi fermer va dehqon xo‘jaliklari, aholi tomorqalari va ko‘chatchilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan 9 milliondan ortiq ko‘chat joylarga yetkazib berilgan.
Viloyatda 2025 yil bahor mavsumida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida qariyb 10 million 966 ming dona har xil turdagi ko‘chatlar ekilgan va ma’lumotlar “Yashilmakon.eco” platformasiga kiritilgan.
Daraxt va buta ko‘chatlari fermer xo‘jaliklari dala chetlariga, aholi tomorqalariga, obodonlashtirish boshqarmalari hududlariga, o‘rmon fondi yerlariga, avtomobil va temir yo‘l yoqalariga, daryolar, kanallar, ariqlar va zovurlar bo‘ylariga, sanoat korxonalari, maktabgacha va maktab ta’limi muassasalari, oliy o‘quv yurtlari, sog‘liqni saqlash ob’ektlari, idoralar va korxonalar hududlariga ekilgan.
Viloyatning sug‘orish tizimi mavjud bo‘lmagan hududlarida 6 ta tik quduq qazilib, sug‘orish tizimlari yo‘lga qo‘yildi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2025 yil bahor mavsumida ko‘chat ekish bo‘yicha nazorat tadbirlarini sifatli olib borish maqsadida jalb qilingan xodimlarga planshetlar va vlagomer qurilmalari berildi. Shuningdek, Buxoro viloyatida cho‘llanish, qurg‘oqchilik, chang-qum bo‘ronlari va haroratning ko‘tarilishi oldini olish uchun Kogon tumanida 20 ming va Buxoro tumanida 7 ming gektar o‘rmon fondi yer maydonlariga kichik aviatsiya yordamida cho‘l o‘simligi urug‘idan ekilib, “yashil qoplamalar” barpo qilindi.
Ammo, “Yashil makon” umummilliy loyihasi ijrosini viloyat miqyosida ta’minlashda ayrim kamchilik va nuqsonlar borki, kelgusida ularga yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘rilishi zarur. Jumladan, Kogon tumanidagi “Hukumatobod” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida faoliyat yurituvchi “G‘aniyev Kenja” fermer-xo‘jaligiga berilgan o‘n ming tup tut ko‘chati sug‘orish tizimi mavjud bo‘lmagan joylarga ekilgan.
Loyiha doirasida ekilgan ko‘chatlarning 2895 tasi yetarli agrotexnik talablarga rioya qilinmaganligi oqibatida qurib qolgan. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasining tuman (shahar) inspektorlari tomonidan ushbu holatlar yuzasidan yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan 26 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan bo‘lsa-da, bunday salbiy holatning kelgusida takrorlanmasligiga hech kim kafolat berolmaydi.
2025 yil bahor mavsumida ekilgan ko‘chatlarga yetarlicha ishlov berilmaslik holatlari ham aniqlangan. Jumladan, agrotexnik talablarga rioya qilinmaganligi oqibatida 1856 ta ko‘chatning nobud bo‘lishiga yo‘l qo‘yilgan. To‘g‘ri, o‘z faoliyatiga e’tiborsizlik bilan yondashgan 59 nafar mansabdor shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 79-modda 3-qismi bilan 225 million 245 ming so‘m jarima qo‘llanilgan. Lekin bu bilan kamchiliklar to‘liq bartaraf etilishiga erishilmagan.
[gallery-25244]
Muxtasar aytganda, “Yashil makon” umummilliy loyihasining o‘z vaqtidagi ijrosi nafaqat mahalla faollariga, balki korxona, tashkilot va muassasalarning mutasaddilari zimmasiga ham alohida mas’uliyat yuklaydi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.