Yaponiyada 100 yoshdan oshgan aholi soni ilk bor 100 000 dan oshdi
Yaponiya Sog‘liqni saqlash, mehnat va farovonlik vazirligi 15-sentabr – Keksalarni e’zozlash kuni munosabati bilan mamlakatdagi demografik holatga oid yangi ma’lumot e’lon qildi.
Kun chiqar yurtda 100 yoshdan oshgan fuqarolar soni ketma-ket 56 yildan beri o‘sib kelyapti. Joriy yil sentabr oyi holatiga ko‘ra, tarixda ilk bor 100 000 lik marra ortda qoldi va to‘liq bir asr hayot kechirganlar 107 677 kishiga yetdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 7 914 nafar ko‘p.
Yuz yoshlilarning 94 298 nafari ayol. Hozir mamlakatning eng yoshi ulug‘ ayoli 114 yoshli Fuyo Kishimoto, eng keksa erkagi esa 112 yoshli Xikaru Kato.
Yaponiya 100 yoshli aholi hisobini 1963-yildan beri yuritib keladi: 1981-yil 1 000, 1998-yil 10 000, 2012-yil 50 000 lik dovondan oshilgan. Bu davlatda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi ayollar uchun 87.3, erkaklar uchun 81.3 yoshni tashkil etmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA