100 yoshdan oshgan yaponlarning 90 foizi ayollar
Yaponiyada 100 yoshdan oshgan odamlar soni yildan-yilga ortib bormoqda. So‘nggi statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda hozirda 99 ming 763 nafar keksalar ro‘yxatga olingan. Ulardan 87 ming 784 nafari ayollar, 11 ming 979 nafari esa erkaklardir.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, dunyodagi har oltinchi uzoq umr ko‘rgan inson Yaponiyada istiqomat qiladi. Qiziq jihati shundaki, 100 yoshdan oshgan aholining qariyb 90 foizini ayollar tashkil etadi.
Bugungi kunda mamlakatning eng keksa fuqarosi — Nara prefekturasida yashovchi 114 yoshli Sigeko Karava hisoblanadi. U 1911-yilda tug‘ilgan va Yamatokoriyama shahrida yashamoqda. Eng keksa erkak esa Sizuoka prefekturasidagi 111 yoshli Mizuno Takadir.
Uzoq umr ko‘rish sirini yaponlarning turmush tarzida ko‘rish mumkin. Avvalo, bu sog‘lom ovqatlanish an’analari bilan bog‘liq: ularning kundalik ratsionida dengiz mahsulotlari, sabzavotlar, ko‘k choy va yog‘siz taomlar ustunlik qiladi. Shuningdek, ular ko‘p piyoda yuradi, faol hayot tarziga amal qiladi. Yana bir muhim omil — mamlakatda sog‘liqni saqlash tizimining rivojlanganligi, fuqarolarning muntazam tibbiy ko‘rikdan o‘tishi odatga aylanganidir.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, O‘zbekistonda ham uzoq umr ko‘rganlar bor. Farg‘onalik 130 yoshli Huvaydo momo mamlakatning eng keksa fuqarosi sifatida qayd etilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, u Ginnesning rekordlar kitobiga dunyodagi eng yoshi ulug‘ inson sifatida kiritilishi ham mumkin.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/S-sLSsHPnlA?si=Jc26L_rlmIYSCB6q" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Madinabonu Nasriyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA