Yaponiya texnologiyasi — Yangiyo‘lda
Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida investitsiya loyihalari va yangi ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishish maqsadida OAV vakillari uchun media-tur tashkil etildi. Unda jurnalist va blogerlar hududda amalga oshirilayotgan loyihalar, yaratilgan yangi ish o‘rinlari hamda zamonaviy texnologiyalar asosida yo‘lga qo‘yilayotgan ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Media-tur ishtirokchilari dastlab Tuyabog‘iz mahallasida o‘z faoliyatini boshlagan “Rice Snack Food” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Bu yerda qarsildoq shirinliklar Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan, to‘liq avtomatlashtirilgan ishlab chiqarish liniyasi ishga tushirilgan. Uning yillik ishlab chiqarish quvvati 1 ming tonnani tashkil etadi. Loyiha doirasida uch yil davomida uch bosqichda jami 4 million AQSH dollari miqdorida sarmoya kiritish rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda 3 million dollar mablag‘ o‘zlashtirilgan.

Qurilish ishlari 2025-yil avgust oyida boshlanib, 2026-yil iyul oyida yakunlangan. Bu jarayonga 1 million dollar, zamonaviy uskunalarni xarid qilish va o‘rnatish, shuningdek, xodimlarni o‘qitishga 2 million dollar yo‘naltirilgan.
Korxonada Yaponiyaning kam yog‘li vakuumli ishlov berish texnologiyasidan foydalaniladi. U energiya sarfini 30 foizgacha kamaytirish imkonini beradi. To‘liq yopiq va avtomatlashtirilgan ishlab chiqarish jarayoni esa mahsulotlarning tashqi ta’sirlar natijasida ifloslanish ehtimolini sezilarli darajada pasaytiradi. Ishlab chiqarishda foydalaniladigan guruchning 80 foizini mahalliy bozordan xarid qilish ko‘zda tutilgan.

Loyiha doirasida 70 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Korxonada xodimlar uchun zarur mehnat sharoitlari yaratilgan. Mahalliy operatorlarning kasbiy malakasini oshirish maqsadida ular Xitoyning Shanxay shahridagi zavodda muntazam o‘qitilmoqda. Shuningdek, texnikalarni o‘zlashtirish va sozlash bo‘yicha mutaxassislar ham maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazilmoqda.
Korxona xalqaro “Halal” hamda ISO 9001 sertifikatlariga ega.

Yangi ishlab chiqarish quvvatining ishga tushirilishi Yangiyo‘l tumanida investitsiyaviy faollikni yanada oshirish, mahalliy xomashyodan samarali foydalanish, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, yangi ish o‘rinlari yaratish va mahsulotlarni eksport qilish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Press-tur davomida jurnalistlar soha mutaxassislari va ishchilar bilan suhbatlashdi. Shundan so‘ng hududda amalga oshirilayotgan boshqa sanoat loyihalarini ham borib ko‘rdi.
A.Musayev,O‘zA