Yaponiya telekanali O‘zbekiston haqida hujjatli film suratga olmoqda
Yaponiyaning mashhur “The Global Train Journey” teleloyihasi ijodiy jamoasi O‘zbekiston bo‘ylab sayohat haqida hujjatli dastur suratga olmoqda. Loyiha Turizm qo‘mitasi va O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi hamkorligida tashkil etildi.
“The Global Train Journey” — Yaponiya milliy teleradiokompaniyasi NHKning NHK BS kanali orqali namoyish etiladigan ommabop dasturlardan biri hisoblanadi. Unda taniqli yaponiyalik teleboshlovchi poyezdda turli mamlakatlarga sayohat qilib, xalqlarning madaniyati, an’analari va kundalik hayoti bilan tanishadi hamda mahalliy aholi bilan muloqot qiladi. Dasturning har bir soni qariyb bir million tomoshabinni jamlaydi.

Loyihaning asosiy maqsadi Buyuk Ipak yo‘lining temir yo‘l yo‘nalishi orqali O‘zbekistonning boy tarixi, madaniyati, me’morchiligi, milliy an’analari va zamonaviy hayoti haqida hujjatli film tayyorlashdan iborat.

Suratga olish ishlari Toshkent, Samarqand, Buxoro va Nukus shaharlarida olib borilmoqda. Dasturdan temir yo‘l vokzallari, “Afrosiyob” tezyurar poyezdi, “Sharq” poyezdi, Toshkent metrosi, shahar manzaralari, tarixiy obidalar hamda an’anaviy sharq bozorlari o‘rin olgan.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, dastur efirga uzatilishi orqali yaponiyalik tomoshabinlar O‘zbekistonning turizm salohiyati, madaniy merosi va zamonaviy hayoti bilan yanada yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA