Yaponiya tajribasi: Inson resurslari menejmenti orqali boshqaruv samaradorligi oshiriladi
Yaponiya poytaxti Tokio shahrida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) tomonidan "Davlat boshqaruvida inson resurslari menejmenti" mavzusida xalqaro o‘quv-amaliy dastur – Bilim yaratish hamkorligi dasturi tashkil etildi.
Unda dunyoning 14 mamlakatidan davlat xizmatchilari, jumladan, O‘zbekiston Boshqaruv samaradorligi agentligi vakili ishtirok etib, davlat xizmatida kadrlarni tanlash, baholash, mukofotlash hamda malaka oshirish tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha Yaponiya tajribasini o‘rgandi.
Dasturdan Yaponiyaning davlat xizmati tizimi va uning tarixiy evolyutsiyasi, Milliy kadrlar boshqarmasi (NPA) faoliyati va uning mustaqil maqomi, davlat xizmatchilarini tanlash va ishga qabul qilish mexanizmlari, ish faoliyatini baholash tizimi, mehnat sharoitlari va ijtimoiy ta’minot, davlat xizmati odob-axloq kodeksi hamda intizomiy javobgarlik tizimi, shuningdek malakali kadrlarni saqlab qolish bo‘yicha zamonaviy yondashuvlar kabi dolzarb masalalar o‘rin oldi.

Sidzuoka prefekturasidagi Fudzi shahar hokimligida muhandis-texnik xodimlarni bosqichma-bosqich rivojlantirish tizimi, "Cybozu Inc" kompaniyasida moslashuvchan mehnat siyosati orqali amalga oshirilgan islohotlar bilan bevosita tanishildi.
Bu kabi xalqaro dasturlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni doirasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, milliy kadrlar zaxirasini shakllantirish va natijaga asoslangan boshqaruv tizimini joriy etish uchun muhim tajriba maydoni bo‘lib xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA