Davlat boshqaruvidagi muhim yo‘nalish – inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligining 2026-yil birinchi yarim yilligi faoliyati sarhisobiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda hududlarda natijaga asoslangan boshqaruv tizimini joriy etish maqsadida 40 dan ortiq tuman va shaharda mavjud imkoniyatlar qayta baholangani qayd etildi.
Samarqand viloyatining 16 tuman va shahri, shuningdek Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo, Buxoro, Qashqadaryo, Farg‘ona, Jizzax va boshqa hududlarda iqtisodiy salohiyat, boshqaruv jarayonlari hamda davlat xizmatlari sifati chuqur tahlil qilindi.
Ilk bor sun’iy intellekt yordamida Big Data va SWOT tahlillari asosida har bir tumanning iqtisodiy drayverlari aniqlanib, investitsiya loyihalari xaritalari shakllantirildi.
Mahallabay ishlash tizimi doirasida Sirdaryo viloyatining Xovos tumanidagi Qahramon hamda Namangan viloyatining Norin tumanidagi Yangi Namangan mahallalarida yangi xizmat markazlari tashkil etildi. Mazkur markazlar orqali aholi 980 turdagi davlat xizmatlaridan turli idoralarga murojaat qilmasdan, mahalladan chiqmagan holda foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Inson kapitalini rivojlantirish davlat boshqaruvidagi islohotlarning ustuvor yo‘nalishi ekani ta’kidlandi. Shu munosabat bilan davlat xizmatchilarini baholash va rivojlantirish ishlari yangi bosqichga olib chiqilmoqda.
Ikkinchi chorak yakunlari bo‘yicha 113 respublika tashkilotining 435 nafar rahbari va rahbar o‘rinbosari, shuningdek 14 hudud hamda 208 tuman (shahar)ning 1 ming 329 nafar hokim o‘rinbosari samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholandi.
Kadrlar zaxirasi ham sifat jihatidan yangilandi. Bugungi kunda mamlakatimiz uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan yuqori salohiyatli kadrlar zaxirasi shakllantirilgan. Unga 415 nafar xorijiy oliy ta’lim muassasalari va Prezident maktablari bitiruvchilari, 250 nafar istiqbolli rahbar ayollar, Zulfiya mukofoti sovrindorlari hamda turli sohalar bo‘yicha saralangan istiqbolli mutaxassislar kiritilgan. Mazkur zaxira davlat boshqaruvi tizimini raqobatbardosh, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega rahbar kadrlar bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, 421 nafar Top - 500 universitet bitiruvchisidan 74 nafari yuqori lavozimlarga tavsiya qilinib, xizmat lavozimi oshirildi.
Matbuot anjumanida sun’iy intellektdan strategik prognozlashtirishda foydalanish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar ham ma’lum qilindi. Tahlillarga ko‘ra, yaqin yillarda mamlakatimizda 50 dan ortiq yangi zamonaviy mutaxassisliklarga ehtiyoj yuzaga keladi. Jumladan, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, ma’lumotlar tahlili, raqamli transformatsiya, «yashil» energetika, urbanistika, geoaxborot tizimlari, agrotexnologiyalar hamda suv resurslarini raqamli boshqarish kabi sohalarda yuqori malakali kadrlarga talab keskin ortishi prognoz qilinmoqda. Shu asosda kadrlar tayyorlash, kadrlar zaxirasini shakllantirish va ta’lim dasturlarini bozor ehtiyojlariga moslashtirish bo‘yicha amaliy ishlar boshlangan.
Hisobot davrida 5 ming 316 nafar davlat xizmatchisi turli o‘quv dasturlarida ishtirok etdi. “Yangi O‘zbekiston” universiteti hamda Singapur Biznes boshqaruv maktabi ekspertlari ishtirokida tajriba almashish seminarlari tashkil etildi.
Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasiga qabul jarayonida 1 ming 860 nafar nomzod ishtirok etib, ularning 1 ming 334 nafari keyingi bosqichga saralab olindi.
[gallery-30512]
Xalqaro hamkorlik doirasida 7 ta seminar o‘tkazilib, ularda 600 nafardan ortiq davlat xizmatchisi qatnashdi. Shuningdek, 50 nafar «Yosh talantlar» dasturi ishtirokchisini FAO tizimida xalqaro stajirovkaga yuborish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
KOICA va JICA kabi xalqaro tashkilotlar bilan qator qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Yaponiyada 30 nafargacha davlat xizmatchisi, Buyuk Britaniyada esa 20 nafargacha rahbar kadrning malakasini oshirish choralari ko‘rildi.
«Digital Office» platformasida yangi «Hokim - vazir» muloqot maydoni ishga tushirildi. Shuningdek, «hrm.gov.uz» va «samaradorlik.gov.uz» axborot tizimlari muhim axborot infratuzilmasi ob’ektlari sifatida davlat reyestriga kiritildi. «Elektron hukumat» tizimi orqali 49 yangi servis Agentlik axborot tizimlariga integratsiya qilindi. «MyDX» mobil ilovasidan bugungi kunda 30 ming nafar davlat xizmatchisi faol foydalanmoqda.
Hisobot davrida maqsadli xorijiy stajirovkalarning yangi tizimi ham joriy etildi. Unga ko‘ra, stajirovkaga yuborilgan har bir davlat xizmatchisi o‘rgangan bilim va tajribasi asosida amaliy loyiha ishlab chiqishi majburiy etib belgilandi.
Navbatdagi stajirovka dasturlari uchun 300 nafar nomzod bilan suhbat o‘tkazilib, ulardan 107 nafari saralab olindi. Ular Singapur, Germaniya, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Koreya, Finlyandiya, Malayziya, Turkiya, Xitoy, Ozarbayjon va boshqa davlatlarda malaka oshiradi.
KOICA dasturi bo‘yicha 169 nafar nomzoddan 15 nafari, JICA dasturi bo‘yicha 200 nafar nomzoddan 18 nafar magistratura va 1 nafar doktorantura dasturi uchun saralab olindi. Shuningdek, «El-yurt umidi» jamg‘armasi orqali 232 nafar magistratura va 38 nafar doktorantura dasturlari bo‘yicha nomzodlar tanlab olindi.
Tadbirda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
N.Abduraimova,
O.Pardayev (surat), O‘zA