Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, Yapon tili va kasbiy malaka test markazi, Yaponiyaning “Nippon Educational Academy” instituti hamkorligida amalga oshirilayotgan ishlar, Yaponiya davlatida xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
So‘nggi yillarda tashqi mehnat migratsiyasi sohasini yangi bosqichga ko‘tarish, fuqarolarni xorijga ishga jalb qilish, buning uchun ularga zarur bo‘lgan kasb va chet tillarini o‘rgatish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Keyingi to‘rt yilda xorijiy ish beruvchilar bilan olib borilgan muzokaralar, istiqbolli hamkorlikka qaratilgan kelishuvlar natijasida tashqi mehnat bozorida asosan umumqurilish sohasi ustalari, ishlab chiqarish, texnik kasblar, qishloq xo‘jaligi, servis va xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘yicha kichik mutaxassislarga talab yuqoriligi aniqlandi. Shu asosda, mehnat migrantlarini mehnat faoliyati geografiyasidan kelib chiqib, 20 dan ortiq kasbga, rus, ingliz, koreys va yapon tillariga o‘qitish bo‘yicha qisqa kurslar yo‘lga qo‘yildi.
Xalqaro tajriba va amaliyotlarni o‘rganish natijasida kuzatilgan asosiy jihatlardan biri shuki, mehnat migratsiyasida ishtirok etuvchi fuqaroning kasbiy malakasi va chet tilini bilish darajasi yuqori bo‘lishi uni kafolatlangan, ilg‘or texnika va texnologiyaga asoslangan hamda yuqori ish haqiga ega bo‘lgan ish o‘rinlarida mehnat faoliyatini amalga oshirishida muhim omil hisoblanadi. Bu borada mamlakatimizning barcha hududlarida 15 ta “Ishga marhamat” monomarkazlari, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufida 30 ta kasb-hunarga o‘qitish markazi va 136 ta mahalladagi kasb-hunar maskanlari, 252 ta turli vazirlik va idoralar hamda nodavlat ta’lim muassasalari imkoniyatlaridan foydalangan holda fuqarolar chet tillari va turli kasb-hunarlarga o‘rgatilmoqda.
2020 yil 15 sentyabrdagi «Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarorida 2021 yilda Yaponiya ish beruvchilari bilan hamkorlikda Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida “Yapon tili va kasbiy malaka” test markazini tashkil etish vazifasi belgilangan. Mazkur markaz bugungi kunda Toshkent shahri va mamlakatimizning barcha hududiy “Ishga marhamat” monomarkazlari qoshida tashkil etildi.
Shuningdek, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Yaponiyaning vakolatli vazirlik va idoralari o‘rtasida 2019 yil 17 dekabrda “Maxsus malaka ishchilari” maqomiga ega bo‘lgan xorijiy mehnat resurslari tizimining tegishli ravishda amalga oshirilishi to‘g‘risida imzolangan hukumatlararo hamkorlik kelishuvi doirasida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda ilk bor Yaponiyaning “Nippon Educational Academy” institutining yapon tili va kasbiy malaka o‘qitish tizimi joriy qilindi. Mazkur tizim doirasida 29 nafar o‘zbek va yapon mutaxassislari qariyb 400 nafar fuqaroning Yaponiya standarti asosida turli sohalarda kasbiy malakalarini oshirmoqda.
Kasbiy malakalarini oshirayotgan fuqarolarni kelajakda Yaponiya kompaniyalarida bilim va ko‘nikmalarini oshirishlarini ta’minlash uchun Yapon tili va kasbiy malaka test markazi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan hamkorlikda qator yapon kompaniyalari bilan shartnomalar imzolandi.
Butun dunyoda yuzaga kelgan pandemiya sharoiti tufayli Yaponiyadagi mavjud karantin vaziyati yumshashi bilan ta’lim olayotgan fuqarolar belgilangan test sinovlarini topshirgan holda Yaponiyaga yo‘naltiriladi. Natijada bu kabi ishlar ikki mamlakat o‘rtasidagi mehnat munosabatlarini yanada rivojlantirish bilan bir qatorda, Yaponiya mehnat bozorida O‘zbekiston segmentini yaratish va uning raqobatdoshligini oshirishga xizmat qiladi.