Yaponiyaning “Nikkei Asia” nashri ma’lum qilishicha, mazkur mamlakatning “Sojitz” korporatsiyasi Toshkent shahrida quriladigan yangi xalqaro aeroport loyihasiga 1 milliard dollarlik investitsiya yo‘naltiradi.
Loyiha Saudiya Arabistonining “Vision Invest” kompaniyasi bilan davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi. Yangi aeroport 2028 yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan, yiliga 20 million yo‘lovchini qabul qilish hamda soatiga 40 dan ziyod parvozni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu Markaziy Osiyoning eng yirik aeroportiga aylanishi kutilmoqda.
“Sojitz” korporatsiyasi mazkur loyihani kompaniyaning global infratuzilma sarmoyalari doirasida amalga oshirmoqda. Kompaniya avval Yaponiyaning Kumamoto, Okinava hamda Palau orollaridagi aeroport loyihalarida ham ishtirok etgan.
Shuningdek, “Sojitz” tomonidan O‘zbekistonda boshqa yirik infratuzilma loyihalari — Samarqandda Turkiyaning “Ronesans International” kompaniyasi bilan 800 o‘rinli kasalxona, 1 GVt shamol elektr stansiyasi hamda 1,6 GVt issiqlik elektrostansiyasi qurish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston 37 milliondan ziyod aholiga ega, iqtisodiyot yillik 6 foizdan ortiq o‘sish sur’atini namoyon etmoqda. Chet el sarmoyadorlari uchun soliq imtiyozlari va rag‘batlar joriy etilgan, korporativ soliq stavkasi esa 15 foizni tashkil etadi, deya qayd etilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil oktyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda Yaponiyaning 54 ta kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. Bu 2019 yilga nisbatan ikki baravar ko‘p. “Sojitz” korporatsiyasi ham iyun oyida Toshkentda o‘zining ilk rasmiy ofisini ochgan edi.
B.Xudoyberdiyev,
O‘zA