Yaponiyaning yirik mehmonxona brendi O‘zbekiston bozoriga kirishi mumkin
O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasida Yaponiyaning xalqaro mehmonxona boshqaruvi sohasida faoliyat yurituvchi “Seibu Prince Hotels & Resorts” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida O‘zbekistonda mehmonxona infratuzilmasini yanada rivojlantirish, xalqaro mehmonxona brendlarini mamlakat turizm bozoriga jalb qilish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish hamda mehmondo‘stlik sohasida ilg‘or xalqaro tajribani joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning so‘nggi yillarda turizm sohasida erishgan natijalari, turistik infratuzilmani modernizatsiya qilish, yangi mehmonxona loyihalarini amalga oshirish hamda mamlakatda xalqaro mehmonxona brendlari faoliyatini kengaytirish uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.
“Seibu Prince Hotels & Resorts” Yaponiyaning “Seibu Group” tarkibidagi yirik mehmonxona va kurortlar boshqaruvi kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Kompaniya Yaponiya va xorijda mehmonxonalar, kurortlar, golf va boshqa dam olish ob’ektlarini boshqaradi. Uning tarmog‘ida 100 dan ortiq mehmonxona mavjud bo‘lib, 13 ta mamlakatda faoliyat yuritadi. Kompaniya global tarmog‘ini kengaytirib, mehmonxonalar sonini 250 taga yetkazishni maqsad qilgan.
Muzokaralarda kompaniyaning xalqaro mehmonxona boshqaruvi, marketing va servis sohasidagi tajribasidan O‘zbekistonda samarali foydalanish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, mamlakatning sayyohlik salohiyati yuqori bo‘lgan hududlarida zamonaviy mehmonxona ob’ektlarini tashkil etish, xalqaro brendlarni jalb qilish, mehmonxona boshqaruviga ilg‘or texnologiyalar va xizmat ko‘rsatish standartlarini tatbiq etish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, mehmonxona biznesi bo‘yicha tajriba almashish, kadrlar tayyorlash va professional ko‘nikmalarni oshirish, shuningdek, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA