Yaponiya dron transport kemalari yaratish niyatida
Yaponiya Mudofaa vazirligi favqulodda vaziyatlarda qo‘shin, o‘q-dori va boshqa turdagi yukni tashish uchun inson boshqaruvisiz yuradigan transport kemalari ishlab chiqishga qaror qilgan. “Yomiuri” gazetasi xabar berishicha, buning uchun 2027 moliyaviy yil byudjetidan mablag‘ ajratiladi.
Ta’kidlanishicha, asosiy e’tibor Tayvan yaqinidagi orollar – Tokio ehtimoliy mojaro hududi deb biladigan joyga yukni tez, nisbatan xavfsiz yetkazib berish tashkil etilishiga qaratilgan.
Dron transport kemalari kamera va radar tizimi bilan jihozlanadi, sun’iy yo‘ldosh boshqaruv tizimiga ulanadi.
Bunday qurilmalar ishga tushirilishi muayyan darajada Qurolli kuchlar, ayniqsa dengiz flotida kuzatilayotgan xodimlar yetishmovchiligi muammosini ham hal qiladi. Agar vaziyat yomonlashsa, nizo hududiga yuk va qo‘shin tashish uchun fuqarolik kemalarini ijaraga olish qiyin kechishi mumkinligidan xavotir ham mavjud.
S.Rahimov, O‘zA