Yangilanishlar timsoli
Bugun Sirdaryo viloyati haqida so‘z ketganda, uni faqat agrar hudud yoki muhim tranzit yo‘lak sifatida tasavvur qilish yetarli emas. Keyingi yillarda viloyatda sanoatni rivojlantirish, xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan islohotlar tufayli hudud iqtisodiyotida mutlaqo yangi muhit shakllanmoqda. Eng muhimi, bu o‘zgarishlar raqamlar yoki hisobotlarda emas, amaliy natijalar va yangi ishlab chiqarish quvvatlari hamda odamlar hayotida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Guliston shahrida faoliyat yuritayotgan “MMX PRO” korxonasi ana shu yangilanishlar timsoli sifatida e’tiborga loyiq.
2020-yilda tashkil etilgan mazkur ishlab chiqarish majmuasi qisqa vaqt ichida mamlakatimizdagi yirik polipropilen qop ishlab chiqaruvchilardan biriga aylandi. Ilgari asosan chetdan keltirilgan yoki yirik sanoat markazlarida ishlab chiqarilgan mahsulotlar bugun Sirdaryoning o‘zida tayyorlanmoqda. Bu esa hudud sanoati uchun mutlaqo yangi bosqich ekanini anglatadi.

Korxonada sement, mineral o‘g‘it, quruq qurilish aralashmalari, ozuqa mahsulotlari va boshqa sanoat tarmoqlari uchun mo‘ljallangan zamonaviy polipropilen qoplar ishlab chiqarilmoqda. Bir qarashda oddiy qadoq mahsulotidek tuyulgan ushbu yo‘nalish ortida katta texnologiya, aniq hisob-kitob va yuqori sifat talablari mujassam.
Loyihaning umumiy qiymati 15 million AQSH dollarini tashkil etadi. Uning 7 million dollari tijorat banki kredit mablag‘i hisobidan moliyalashtirilgan. Bugun korxona yiliga 40 million dona, kuniga esa 110 ming donagacha mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Ayniqsa, Avstriyaning dunyoga mashhur “Starlinger” texnologiyalari asosida ishlab chiqarilayotgan AD*STAR turidagi klapanli qoplar korxonaning asosiy raqobat ustunligi hisoblanadi. Bu turdagi mahsulotlar yuqori mustahkamligi, yengilligi va havo o‘tkazmasligi bilan qurilish, kimyo va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida katta talabga ega.

– Polipropilen qoplar bugun sanoat va logistika sohasida eng ko‘p talab qilinayotgan mahsulotlardan biri hisoblanadi. Mahsulotning mustahkamligi va sifatli qadoq sifatida xizmat qilishi buyurtmachilar uchun muhim omil, – deydi korxona rahbari Qobiljon To‘rayev.
Muhimi shundaki, “MMX PRO”da ishlab chiqarish to‘liq sikl asosida tashkil etilgan. Xomashyoni qayta ishlashdan tortib, ip tayyorlash, to‘qish, laminatsiya qilish, qopni shakllantirish va tayyor mahsulotni yetkazib berishgacha bo‘lgan barcha jarayon bir joyning o‘zida amalga oshiriladi. Bu esa vaqt va xarajatni tejash, eng asosiysi, sifat ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish imkonini beradi.
Bugun global bozorda raqobat qilish uchun arzon mahsulotning o‘zi kifoya emas. Sifat, standart va ishonch birinchi o‘ringa chiqmoqda. Shu ma’noda, Germaniyaning “Zwick Roell” laboratoriya uskunalari yordamida mahsulotlarning mustahkamligi, namlikka chidamliligi va yuklamaga bardoshliligi sinovdan o‘tkazilayotgani korxona faoliyatiga bo‘lgan ishonchni yanada oshirmoqda. Har bir partiya ishlab chiqarishdan oldin va keyin sifat nazoratidan o‘tkaziladi.

Korxonada bugungi kunda 120 nafardan ziyod ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Bu esa birgina ishlab chiqarish majmuasi ortida yuzlab insonlar va oilalarning barqaror daromad manbai turganini anglatadi. Ayniqsa, yosh mutaxassislarning zamonaviy texnologiyalar bilan ishlashni o‘rganayotgani hududda yangi sanoat madaniyati shakllanayotganidan dalolat beradi.
Joriy yil boshida qiymati 2 million AQSH dollariga teng yangi texnologiya va uskunalar import qilindi. Ushbu zamonaviy liniyalar orqali 10 kilogrammdan 150 kilogrammgacha bo‘lgan mahsulotlarni qadoqlash uchun mo‘ljallangan sakkiz turdagi qoplar ishlab chiqarilmoqda. Bu esa mahsulot turlarini kengaytirish va bozor talabiga moslashish imkonini bermoqda.
“MMX PRO” mahsulotlari bugun nafaqat ichki bozorda, balki tashqi bozorda ham o‘z xaridorini topmoqda. Ayni paytda korxona MDH davlatlariga eksport hajmini kengaytirish ustida ish olib bormoqda. Xususan, “Indorama”, “Farg‘ona Azot”, “Turon Cement”, “Garbus”, “Baraka Mix” kabi yirik sanoat korxonalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani mahsulot sifati va ishonchlilikning amaliy tasdig‘idir.

Korxonada mijozlar talabi asosida individual buyurtmalarga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Qoplarga logotip tushirish, brend ranglarini qo‘llash, markirovka va QR-kod joylashtirish imkoniyatlari mahsulotlarning bozordagi raqobatbardoshligini yanada oshirmoqda. Zamonaviy bosma texnologiyalari esa ranglarning aniqligi va chidamliligini ta’minlamoqda.
Logistika tizimi ham korxona faoliyatining muhim bo‘g‘iniga aylangan. O‘z avtotransport parki va hamkor logistika kompaniyalari orqali mahsulotlar buyurtmachilarga qisqa muddatlar va xavfsiz tarzda yetkazib berilmoqda. Bu esa ishlab chiqarishdan tortib, mijozgacha bo‘lgan zanjirning uzluksiz ishlashini ta’minlayapti.
Mutaxassislar fikricha, “MMX PRO” kabi zamonaviy korxonalar hudud iqtisodiyoti uchun haqiqiy drayver vazifasini bajarmoqda. Chunki bunday loyihalar bir vaqtning o‘zida import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish, eksport hajmini oshirish, mahalliy kooperatsiyani rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Eng muhimi, bu kabi korxonalar odamlarda “Sirdaryoda ham zamonaviy sanoat qilish mumkin” degan ishonchni mustahkamlamoqda. Bugun hududda shakllanayotgan yangi sanoat muhiti ertangi iqtisodiy taraqqiyot uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
“MMX PRO” tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, mahalliy tadbirkorlik tashabbusi, zamonaviy texnologiya va davlat qo‘llab-quvvatlovi uyg‘unlashganda nafaqat raqobatbardosh mahsulot, balki butun hudud iqtisodiyotini harakatga keltiradigan kuchli sanoat drayveri ham vujudga keladi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat va video), O‘zA