Zamonaviy elektr motorollerlar topshirildi
Mamlakatimizda aholiga ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar sifatini oshirish, shahar va mahallalarda sanitar holatni yanada yaxshilash hamda chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqish tizimini takomillashtirish. chiqindilarni boshqarish sohasini modernizatsiya qilish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va sirkulyar iqtisodiyot tamoyillarini keng joriy etish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Ana shunday amaliy sa’y-harakatlar doirasida Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tomonidan hududlarga zamonaviy maxsus texnikalar bosqichma-bosqich yetkazib berilmoqda. Jumladan, Buxoro shahrida faoliyat yurituvchi “Toza hudud” davlat muassasasiga yangi avlodga mansub chiqindi tashuvchi elektr motorollerlar topshirildi.
Mazkur texnikalar ayniqsa tor ko‘chalar, ichki mahallalar va aholi gavjum hududlarda harakatlanish uchun juda qulay. Elektr quvvatida ishlashi tufayli ular ekologik jihatdan toza bo‘lib, atrof-muhitga zararli chiqindilar chiqarmaydi va shu bilan birga, qattiq maishiy chiqindilarni o‘z vaqtida yig‘ib olish va tashish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Tadbirda viloyat Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi boshlig‘i Jasurbek Abdullayev, “Toza hudud” davlat muassasasi mas’ullari, Chiqindilarni boshqarish agentligi vakillari hamda sanitar tozalash korxonalari xodimlari ishtirok etdi. Mas’ullar tomonidan sohada olib borilayotgan islohotlar, aholi uchun yaratilayotgan qulayliklar va ekologik madaniyatni yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha fikr bildirildi.
Ta’kidlanganidek, Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda ekologik tozalikni ta’minlash, chiqindilarni saralash va qayta ishlash tizimini rivojlantirish, aholiga zamonaviy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Yangi texnikalarning hududlarga yetkazib berilishi esa mazkur islohotlarning amaliy natijasi sifatida aholi turmush farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, bunday zamonaviy texnikalardan foydalanish sanitar tozalash ishlarining samaradorligini oshirish bilan birga, shahar va mahallalarning obodligi, ekologik barqarorlik hamda sog‘lom yashash muhitini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.