So‘nggi o‘n yillikda global iqlim o‘zgarishi va havoning isishi, suv havzalari va atmosfera havosining ifloslanishi, o‘simlik va hayvonot turlarini yo‘qolib ketishi, o‘rmon va daraxtzorlar maydonlari qisqarishi, Ozon qatlami yemirilishi kabi ekologik muammolar global darajada barcha xalqlar va millatlar uchun jiddiy tashvish uyg‘otmoqda.
Shu bois mamlakatimizda ham atrof muhitni muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni va qulay atrof muhitni ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi xalqi tafakkurining yuksak namunasi sifatida 2023 yil aprelda referendumda umumxalq ovozi berish yo‘li bilan qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiya ekologik barqarorlik va qulay atrof muhitni ta’minlash yo‘lida mustahkam poydevor bo‘ldi.
Asosiy Qomusimizda davlatning atrof-muhitni muhofaza qilish, fuqarolarning qulay atrof-muhitda yashash huquqini ta’minlash borasidagi muhim huquqiy mexanizmlarni, insonning ekologik huquqlariga oid kafolatlarini hamda davlat organlarining bu boradagi majburiyatlarini belgilab berildi.
Konstitutsiyaviy normalar ekologik siyosatni amalga oshirishdagi o‘rni va ahamiyati beqiyos. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat ekologik siyosati va barqaror rivojlanish strategiyasining asoslarini belgilab beruvchi ekologik normalar tizimining quyidagi asosiy jihatlarini alohida ko‘rsatib o‘tish mumkin:
Birinchidan, Konstitutsiyaning muqaddimasidayoq o‘zbek xalqining ulug‘vor maqsadlaridan biri sifatida “mamlakatimizning bebaho tabiiy boyliklarini ko‘paytirish, hozirgi va kelajak avlodlar uchun asrab-avaylash hamda atrof-muhit musaffoligini saqlash” ko‘rsatib o‘tilgan.
Ma’lumki, Konstitutsiyaning muqadimmasida xalqimizning ko‘p asrlik orzu-intilishlari va maqsadlari aks etgan bo‘lib, atrof-muhitni muhofaza qilishning Konstitutsiyaning g‘oyaviy arkoni hisoblangan muqaddimada aks etishi muhim mafkuraviy va yo‘naltiruvchi ahamiyatga ega.
Bu borada O‘zbekiston qisqa davr ichida Bioxilma-xillikni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha 4 ta, transchegaraviy suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish to‘g‘risidagi 2 ta konvensiya, BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi doiraviy konvensiyasi va Kioto protokoli hamda Parij bitimi, Ozon qatlamini muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiya va Monreal protokoli, Chiqindilarni transchegaraviy tashishni tartibga soluvchi Bazel konvensiyasi, Turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalar haqidagi Stokgolm konvensiyasi kabi jami 13 ta xalqaro konvensiya va bitimlarga qo‘shilgani ham bu borada e’lon qilingan maqsadlarni ro‘yobga chiqarish uchun muhim qadam bo‘ldi.
Qolaversa, 2025 yilning “Atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilinishi ham xalqimizning ekologik intilishlariga mosdir. Ushbu dasturilamal hujjat O‘zbekistonda barqaror rivojlanishni ta’minlash, fuqarolarning salomatligi va farovonligini oshirishga, davlat organlari, jamoatchilik va har bir fuqaroning ekologik muammolarni hal etish jarayoniga faol ishtirok etishga qaratilgan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi keng ko‘lamli islohotlar uchun turtki bo‘ldi.
Ikkinchidan, Konstitutsiyada ilk marotaba fuqarolarning ekologik huquqlari mustahkamlandi. Xususan, Qomusimizning 49-moddasida uchta ekologik huquq kafolatlandi, bular – qulay atrof-muhitga ega bo‘lish huquqi, atrof-muhit holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqi, shaharsozlik hujjatlari loyihalari bo‘yicha jamoatchilik muhokamasida ishtirok etish huquqi. Ekologik huquqlarning konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanishi bu ushbu masalaning davlat siyosati darajasiga ko‘tarilishiga turtki bo‘ldi.
Xususan, bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 26 sentyabrdagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida ochiqlikni ta’minlash hamda boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan esa, ekologik ma’lumotlarning ochiqligini ta’minlash, chiqindilar bilan ishlashda jamoatchilik ishtirokini oshirish va ekologik nazoratni kuchaytirish choralari ko‘rildi.
Uchinchidan, Konstitutsiyada ilk marotaba davlatning ekologik majburiyatlari ham belgilab berildi. Xususan, Asosiy Qonunimizning 49-moddasida davlatning bir qator ekologik majburiyatlari mustahkamlab qo‘yildi.
Avvalambor, davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash va atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.
Davlat shu maqsadda barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq, atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Xususan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida barpo etilayotgan “yashil belbog‘” va bog‘lar yurtimiz miqyosida keng ko‘lamli obodlik va yashillikka, odamlar uchun munosib sharoit yaratishga va xalqimiz salomatligini asrab-avaylashga xizmat qilmoqda.
Atrof-muhit muhofazasiga qaratilgan chora-tadbirlar qatorida ekologik ta’lim va ekologik madaniyatni oshirish tizimini takomillashtirish muhim o‘rin tutadi. Bu yosh avlodning ekologik bilimlarini va madaniyatini oshirish, ularda tabiatga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish mas’uliyatini shakllantirishga qaratilgan. Shuningdek, bu borada ilm-fanni rivojlantirish, sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etish ham dolzarb ahamiyatga ega. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 15 maydagi qarori bilan 2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasining tasdiqlanishi muhim amaliy ahamiyat kasb etdi.
Davlat zimmasidagi yana bir ekologik majburiyat bu – Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish hamda tiklash, mintaqani ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish yuzasidan choralar ko‘rish. Xususan, Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan ekologik tashabbuslar doirasida Orol dengizi tubida 2 million gektar maydonda o‘rmonzorlar barpo etilishi boshlanganligi ham ushbu konstitutsiyaviy normaning samarali ijrosiga xizmat qilmoqda.
To‘rtinchidan, yangilangan Qomusimizda eski tahrirdagi Konstitutsiya singari uning yangi tahririda ham fuqarolarning atrof-tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish majburiyati (62-modda) ularning 6 ta burchlaridan biri sifatida hamda mulkdorning mulkdan foydalanish ekologik muhitga zarar yetkazmasligi lozimligi (41-modda) bo‘yicha majburiyati belgilab qo‘yilgan.
Bu fuqarolar tabiiy resurslardan oqilona foydalanishi, tabiat boyliklariga ehtiyotlik bilan munosabatda bo‘lishi, ekologiya talablariga rioya etishi, mulkdorlar esa, o‘z mulkidan foydalanib, u yoki bu faoliyatni amalga oshirishda atrof muhitning ifloslanishiga yo‘l qo‘ymasligi lozimligini anglatadi.
Beshinchidan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizdauning eski tahrirdan o‘tkazilgan yana bir norma – yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar umummilliy boylikligi, ulardan oqilona foydalanish zarurligi va ular davlat muhofazasida ekanligini mustahkamlaydi.
Ushbu konstitutsiyaviy normaning ahamiyati shundaki, u avvalo, tabiiy resurslarni umummilliy boylik sifatidagi maqomini belgilaydi. Ya’ni, tabiiy resurslar keng ma’noda o‘zbek xalqining boyligi bo‘lib, ulardan ustuvor ravishda davlat va jamiyat taraqqiyoti yo‘lida foydalaniladi.
Konstitutsiyaning mazkur moddasi tabiiy resurslar davlat muhofazasi ostiga ekanligini ham belgilaydi, bu esa, davlat va uning vakolatli organlari zimmasiga atrof tabiiy muhitni muhofaza qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni ko‘rib borish majburiyatini yuklaydi.
Masalan, uy-joy qurilishi sohasida yangi quriladigan, balandligi 12 metrdan yoki umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan binolarni loyihalashtirishda unga tutash hududlarning kamida 25 foizini ko‘kalamzorlashtirish, shuningdek, atrof-muhitga zarari ko‘p sanoat korxonalari uchun “yashil belbog‘”lar barpo etish bo‘yicha yangi ekologik talablar joriy etilgani ham ushbu konstitutsiyaviy normalar ijrosiga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 31 mayda qabul qilingan “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan ekologik xavfsizlikni ta’minlash, chiqindilarning inson salomatligiga zararini oldini olish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va sanitariya holatini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Tabiiy resurslarni davlat tomonidan muhofaza etishdavlat ekologik nazoratini amalga oshirish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga, tabiiy muhitga yetkazilgan zarar uchun huquqiy javobgarlikni belgilashga qaratilgan tashkiliy-huquqiy hamda boshqaruv mexanizmlari orqali ta’minlanadi.
Xususan, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash mexanizmlari joriy etildi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarish tizimi takomillashtirildi, qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya qilmaslik uchun ma’muriy javobgarlik kiritildi, daraxtlarni kesish va qasddan quritish, daryo o‘zanlaridan noqonuniy qum-shag‘al qazib olish, chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash uchun jazolar kuchaytirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Iqlim kengashi tashkil etilib, uning iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish bo‘yicha milliy strategiyani ishlab chiqish hamda ushbu yo‘nalishda yagona davlat siyosatini shakllantirish, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish bo‘yicha tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash kabi ustuvor vazifalari belgilab berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 24 sentyabrdagi “Chang bo‘ronlariga qarshi kurashish va atmosfera havosi sifatini yaxshilash bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasida chang bo‘ronlariga qarshi kurashish va ularning oqibatlarini yumshatish bo‘yicha 2024 – 2030 yillarga mo‘ljallangan milliy dastur tasdiqlandi.
Iqlim o‘zgarishiga bog‘liq xavflarga moslashuvchanlikni oshirish bo‘yicha alohida chora-tadbirlar ishlab chiqilishi global iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini samarali oldini olish imkonini beradi. Zero, unda avtomobilsozlikda “Yevro-4” standartidan past toifadagi yoqilg‘ini sotish va undan foydalanishni bosqichma-bosqich to‘liq taqiqlash nazarda tutildi. Buning uchun Buxoro va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodlari yuqori sifatli yoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha modernizatsiya qilinishi belgilandi.
Ushbu moddaning yana bir jihati unda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish talabi ham mustahkamlangan bo‘lib, bu tabiiy resurslardan foydalanishda ekologik me’yorlar va barqaror rivojlanish tamoyillariga rioya qilish talab etadi.
Bu borada so‘nggi yillarda yurtimizda “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish borasida amalga oshirilgan islohotlar ham tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga xizmat qilayotganini ta’kidlash lozim. Iqtisodiy o‘sishning an’anaviy modelidan “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish ekologik muammolarni hal qilish hamda Konstitutsiyada belgilangan tabiiy resurslardan oqiloan foydalanish prinsipini ro‘yobga chiqarishning muhim vositasiga aylanmoqda.
Xususan, yurtimizda“yashil” iqtisodiyotni ta’minlash uchun innovatsion “yashil” investitsiyalarni rag‘batlantirish, iqtisodiyotga ekologik toza texnologiyalarni, xususan, “yashil” energetika, “yashil” texnologiyalarni, “aqlli” shahar va qishloq xo‘jaligi prinsiplarini joriy etish bo‘yicha muhim choralar amalga oshirilmoqda.
Oltinchidan, Konstitutsiyada ilk marotaba davlat yoshlarning huquqlarini, shu jumladan, ekologik huquqlarini himoya qilinishini ta’minlashi belgilandi (79-modda). Bu ham bejiz emas, chunki, yoshlar mamlakatimiz kelajagi, ularni ekologik madaniyatli qilib tarbiyalash, ekologik huquqlarini ta’minlash orqali biz yurtimizning kelajagini asrab-avaylashga hissa qo‘shamiz.
Yettinchidan, Asosiy Qonunimizda davlat organlarining ekologik vakolatlariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, unda ilk marotaba Vazirlar Mahkamasining atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy boyliklarni va biologik xilma-xillikni saqlash, iqlim o‘zgarishiga, epidemiyalarga, pandemiyalarga qarshi kurashish hamda ularning oqibatlarini yumshatish sohalarida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlash (115-modda) hamda hokimlarning hududlarni shu jumladan, ekologik jihatdan rivojlantirishni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish (123-modda) bo‘yicha vakolatlari belgilandi.
Mazkur konstitutsiyaviy normalarHukumat va mahalliy hokimliklarning atrof-muhitni muhofaza qilishni ularning eng asosiy vazifalari sifatida belgilaydi va shu orqali ularning zimmasiga ekologik qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha katta mas’uliyat va javobgarlikyuklashi bilan ahamiyatlidir.
Yangilangan Qomusimiz davlatning ekologik siyosatini takomillashtirib, atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik barqarorlikni ta’minlash sohasidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qildi. Boshqacha aytganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiya O‘zbekistonning barqaror taraqqiyotini ta’minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy, shu jumladan biologik resurslardan oqilona foydalanishga qaratilgan iqtisodiy va ekologik siyosatni ro‘yobga chiqarishga, o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilishni samarali tartibga solishga, jamoatchilik nazorati tizimining samaradorligini oshirishga qaratilgan zarur huquqiy asoslarni yaratish va kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Umuman olganda, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat ekologik siyosatining umumiy konstitutsiyaviy normalarning mustahkamlanganligi mamlakatimizda barqaror rivojlanishni ta’minlash, atrof muhit musaffoligini ta’minlash va muhofaza qilish hamda aholi salomatligini himoya qilishning kafolati bo‘lib xizmat qiladi.
Asliddin NURIDULLAEV
Jamoat xavfsizligi universiteti kafedra boshlig‘i,
yuridik fanlar doktori, dotsent