Joriy yilning 14 aprelida davlatimiz rahbarining “Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida davlat nazoratini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Ushbu hujjatga asosan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi vakolatlari kengaydi.
– Ushbu hujjatga asosan, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasini vazirlik tarkibidan chiqarib, mustaqil tashkilot sifatida shakllantirish belgilandi, – deydi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi bo‘lim boshlig‘i Muhammadjon Mo‘minjonov. – Qurilish, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish hamda ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasida nazorat funksiyalarini to‘liq raqamlashtirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, xususiy sektor tomonidan amalga oshiriladigan nazorat tizimi mexanizmlari shakllantiriladi.
Qolaversa, joriy yilning 1 mayidan tadbirkor hamda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyalari o‘rtasida shartnoma tuzilgan bo‘lsa, tadbirkorlarning qurilish ob’ektlarida qisqa muddatli davlat qurilish nazorati tadbirlari shartnoma shartlari doirasida amalga oshiriladi va “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi.
Bundan tashqari, inspeksiyaga xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning moliyalashtirish manbalaridan qat’i nazar moliya-xo‘jalik faoliyatiga aralashish qat’iyan taqiqlanadi. Eng asosiysi, endilikda qurilish ishlari belgilangan tartibda amalga oshirilmasa keskin choralar ko‘riladi. Farmonga binoan, joriy yil 1 sentyabrdan har bir qurilayotgan ob’ektning QR kodli pasporti joriy qilinadi. Bu orqali shaharsozlik sub’ektlari, qurilish muddatlari, shaharsozlik hujjatlari va tasdiqlangan ekspertiza xulosalari haqidagi ma’lumotlarni olish imkoniyati yaratiladi.
Ko‘p kvartirali uylardagi joylarni, shuningdek, yerto‘lalarni qayta qurish va qayta rejalashtirishda shaharsozlik normalarini buzgan holda ko‘p kvartirali uyning konstruktiv qismlari va tayanch devorlariga o‘zgartirish kiritish, buzish hamda binoning zilzilaga bardoshliligiga salbiy ta’sir qiladigan ishlarni amalga oshirish taqiqlanadi. Shu yil 1 iyuldan barcha ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimi ob’ektlari majburiy tarzda shartnoma asosida texnologik auditdan o‘tkaziladi.
Shu bilan birga, bosqichma-bosqich hududiy inspeksiyalarda Qurilish ob’ektlarini onlayn kuzatish markazi tashkil etiladi. Tajriba-sinov tariqasida 2025 yilda Qashqadaryo viloyatidagi davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga yangidan quriladigan ob’ektlarga videokameralar o‘rnatiladi. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida davlat nazoratini amalga oshirishda mobil videokameralar (bodikamera) va maxsus planshetlardan foydalaniladi.
Xususiy qurilish nazorati ob’ektlarida qurilish yakuniga yetgandan so‘ng loyihachi tomonidan “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida xulosa shakllantiriladi va buyurtmachiga taqdim etiladi. Qurilishi tugallangan ob’ektdan foydalanish uchun ruxsatnoma berish tegishli tuman (shahar) qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limlari tomonidan amalga oshirilishi belgilangan. Xususiy qurilish nazorati olib borilmaganda yoki nazoratni olib borgan loyihachining ijobiy xulosasi mavjud bo‘lmaganda ob’ektlarni foydalanishga qabul qilish taqiqlanadi.
– Yangi qurilayotgan uy sotib olayotganda aldanib qolmaslik uchun uyning qonuniy yoki noqonuniy ekanligini aniqlash uchun nimalarga e’tibor berish kerak?
– “Qurilishda davlat nazorati” (nazorat.mc.uz) axborot tizimida har bir ob’ekt uchun QR kodli pasport joriy etildi. Endilikda, har bir qurilayotgan ob’ektga buyurtmachi yoki quruvchi tomonidan QR kod ilib qo‘yiladi. Ushbu QR kodga telefonni yo‘naltirib, qanday ob’ekt qurilayotgani, buyurtmachi, loyihachi va quruvchi tashkilotlar nomlari, quruvchining reytingi, loyihaga tegishli shaharsozlik hujjatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ega bo‘lish mumkin. Shuningdek, ob’ektning foydalanishga topshirish muddatlari bilan tanishish imkoniyati ham mavjud.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Povc7GTQKE4" title="Yangi uy-joy olishda nimalarga eʼtibor qaratish kerak?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shahnoza Mamaturopova, O‘zA