Mahsulotlarni majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish talabi olib tashlanadi
Texnik tartibga solish sohasini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi bilan “Metrologiya to‘g‘risida”gi, “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi, “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi hamda “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Unga ko‘ra, o‘lchash vositalarini qiyoslash amaliyotini bosqichma-bosqich verifikatsiya qilish jarayoni bilan almashtirish belgilanmoqda. Ya’ni, har bir o‘lchash vositasi maxsus talablarga qanchalik aniq javob berishini yanada puxta va xalqaro qoidalar asosida tekshirish tizimi joriy etilyapti.
Shuningdek, sanoat tarmoqlaridagi o‘lchash vositalarini kalibrlash yo‘lga qo‘yilib, mahsulot sifati va xavfsizligini ta’minlashda xalqaro amaliyot tatbiq etilmoqda.
Mazkur qonun loyihasi parlament quyi palatasining majlisida ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, loyiha bilan o‘lchash vositalari tekshiruvlarini o‘tkazadigan tashkilotlar uchun “avtorizatsiya”, ya’ni, rasman ruxsat berish tizimi yaratilyapti. Bu orqali endi har qanday tashkilot emas, balki davlat tomonidan maxsus talablarga javob beradigan ishonchli tashkilotlargina o‘lchash vositalarini verifikatsiya qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Endi standartlar asosan ixtiyoriy bo‘ladi. Davlat nazorati va moliyaviy jazolarga oid ayrim normalar bekor qilinishi orqali tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratiladi.
Shuningdek, tadbirkorlarni qiynab kelgan ayrim ortiqcha talablar bekor qilinadi. Masalan, mahsulotlarni majburiy ro‘yxatdan, ba’zi hujjatlarni esa qayta ro‘yxatdan o‘tkazish talabi olib tashlanadi. Jarimalar ham xavf darajasiga qarab qayta ko‘rib chiqiladi.
Qayd etilganidek, mazkur hujjat milliy sifat infratuzilmasining boshqaruv modelini yaratishga, texnik jihatda tartibga solish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohalarida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga xizmat qilib, tizim xalqaro standartlarga moslashtiriladi, sohada shaffoflik oshadi.
Muhtarama Komilova, O‘zA