Yangi tartib: naqdsiz hisob-kitoblar (+video)
Xabaringiz bor, joriy yilning 1-apreldan boshlab O‘zbekistonda bir qator to‘lovlar faqat naqd pulsiz shaklda qabul qilinadi. Bu prezidentning 10-dekabr kuni imzolangan "Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonida ko‘zda tutilgan.
1-apreldan boshlab quyidagilar uchun to‘lovlar faqatgina bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi:
▪️ davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar;
▪️ elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvidan foydalanganlik uchun to‘lovlar;
▪️ alkogol va tamaki mahsulotlari;
▪️ transportlarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari orqali aholiga neft-gaz mahsulotlarini sotish va elektrda harakatlanadigan transportlarni zaryadlash bo‘yicha xizmatlar;
▪️ qiymati 25 mln so‘mdan oshadigan tovar va xizmatlar;
▪️ ko‘chmas mulk ob’ektlari, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifaga kiruvchi transportlar hamda maxsus avtotransport vositalarini sotish va sotib olish uchun to‘lovlar faqatgina bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi.
Xo‘sh, naqdsiz hisob-kitoblarning asosiy afzalliklari nimada deysizmi?
Birinchidan, bunda xavfsizlik ta’minlanadi. Naqd pul bilan bog‘liq tavakkalchiliklar (yo‘qotish, qalloblik, soxtalik) bartaraf etiladi. Barcha to‘lovlar bank orqali amalga oshirilgani sababli, ularning qonuniyligi kafolatlanadi.
Ikkinchidan, barcha operatsiyalar elektron tizimda aks etadi. Bu esa noqonuniy kelishuvlarni cheklashga, yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirishga va davlat nazoratini kuchaytirishga sabab bo‘ladi. Shaffoflik va ishonchlilik ta’minlanadi desak ham bo‘ladi.
Uchinchidan, fuqarolar uchun qulaylik yaratadi. Ya’ni yangi tartib orqali fuqarolar katta miqdordagi naqd pulni olib yurishdan xalos bo‘ladi, bank kartasi yoki hisobvarag‘i orqali oson to‘lov qiladi, notariusga borganda barcha ma’lumotlar avtomatik tekshiriladi. Bu hozirgi zamon talabiga ham mos va judayam qulay.
To‘rtinchidan, bitimlarni tezlashtirishga yordam beradi. Avvalgi kabi qo‘lda tekshirish va tasdiqlash jarayonlari o‘rniga, elektron ma’lumotlar almashinuvi orqali bitimlar tezroq rasmiylashtiriladi.
Beshinchidan, xaridor va sotuvchi manfaatlarini himoya qilinishiga erishiladi. Eskrou hisobvarag‘i mexanizmi orqali pul faqat shartnoma tasdiqlangandan keyin sotuvchiga o‘tadi, har ikki tomonning manfaatlari himoya qilinadi.
Xulosa qilib aytganda, ko‘chmas mulk va transport vositalari oldi-sotdisida naqdsiz hisob-kitoblarga o‘tish — mamlakatimizda moliyaviy intizomni mustahkamlash, fuqarolarga qulay va xavfsiz xizmat ko‘rsatish hamda iqtisodiyotni yanada shaffof qilishga qaratilgan muhim qadamdir. Bu kabi o‘zgarishlar nafaqat davlat uchun, balki har bir fuqaro uchun ham ishonchli va qulay muhit yaratadi.
<iframe width="815" height="458" src="https://www.youtube.com/embed/EtdjsiuCkLY" title="Yangi tartib: naqdsiz hisob-kitoblar " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA