Mamlakatimizda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohot va yangi tahrirdagi Konstitutsiya qabul qilinishi yangi taraqqiyot bosqichining siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, axloqiy va tashkiliy asoslarini oliy darajada mustahkamladi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya Yangi O‘zbekiston huquqiy tizimining asosi sifatida mamlakatda amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlar uchun poydevor vazifasini bajarmoqda.

Yangi Konstitutsiyani ishlab chiqish va qabul qilish bo‘yicha umumxalq muhokamasi va referendum o‘tkazilishi har bir fuqaroga mamlakat siyosiy tuzilmasini yanada rivojlantirishga shaxsan hissa qo‘shishi, inson, jamiyat va davlat o‘rtasidagi munosabatning mutlaqo yangi tizimi uchun ovoz berishi ta’minlangan demokratiya namunasidir.
Konstitutsiyaviy islohot siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy o‘sishni nazarda tutadi, lekin bu jarayon adolatli, oshkora, hisobdor va shaffof kechishi inson huquqi ta’minlanishi darajasiga bog‘liq. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, Yangi O‘zbekistonda davlat siyosati markazida inson qadri va uning manfaatini ta’minlash ustuvorligi mujassam.
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinishi bilan inson huquqi himoyasi kafolati va mexanizmi eng yuqori – Asosiy qonun darajasida kuchaytirildi. Zero, Yangi O‘zbekistonda inson huquqi va erkinligining faqat tan olinishi emas, balki rioya qilinishi va himoya qilinishi asosini ham kuchaytirish maqsad qilib qo‘yilgan.
Kiritilgan o‘zgarish va qo‘shimchalarning 40 foizidan ko‘pi, qo‘shilgan 27 normaning 11 tasi bevosita inson huquqi va erkinligini ta’minlashga taalluqli ekani, normalarning inson huquqi sohasidagi xalqaro standartga to‘la muvofiqlashtirilgani xujjatning inson huquqi va erkinligi ustuvorligini to‘laqonli ta’minlashdan iborat mohiyatini belgilaydi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya Muqaddimasi “Biz, O‘zbekistonning yagona xalqi – inson huquqi va erkinligiga sodiqligimizni tantanali ravishda e’lon qilib”, deb boshlanishi ham O‘zbekistonda bundan buyon jamiyat va davlatning asosiy maqsadi inson huquqi va erkinligi ustuvorligini ta’minlashdan iborat bo‘lishini ramziy jihatdan ifodalaydi.
Umuman, Konstitutsiyamiz oliy yuridik kuchga ega asosiy qonun sifatida inson qadri, huquqi va erkinligi ta’minlanishining eng muhim, ustuvor kafolatini belgilab berdi. Shuningdek, Qomusimiz jahonning ko‘plab tillariga tarjima qilinib, Yangi O‘zbekistonni jahon xalqlariga inson qadri va manfaatini himoya qiladigan, adolatli, ilg‘or davlat etib tanitadi.
Albatta, Konstitutsiya normalari mamlakatimizda islohotlarni yanada jadal sur’atda davom ettirish, bu yo‘lda jamiyatning barcha ilg‘or kuchlarini safarbar etishning asosi bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘tkirbek Ochilov, Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i