Çiqindidan qiymat yaratayotgan tadbirkorlar qöllab-quvvatlanmoqda
Poytaxtimizda Çiqindilarni boşqariş va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantiriş agentligi hamda BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) hamkorligida taşkil etilgan olti haftalik biznes-inkubatsiya dasturining yakuniy bosqiçi — taqdirlaş marosimi va aylanma iqtisodiyot ğoyalari yarmarkasi taşkil etildi.
Tadbirda Toşkent, Angren va Nukus şaharlaridan 120 nafardan ortiq tadbirkor, startap asosçisi va özini özi band qilgan fuqarolar iştirok etdi. Tanlov natijalariga köra, 6 ta eng yaxşi loyiha ğolib deb topildi. Ğoliblarga öz faoliyatini rivojlantiriş uçun har biri 10 ming AQŞ dollarigaça qiymatdagi uskunalar taqdim etildi.
Muloqot çoğida Agentlik direktori Şarifbek Hasanov aylanma iqtisodiyotni rivojlantiriş, çiqindilarni qayta işlaş va ulardan samarali foydalaniş davlat siyosatining muhim yönalişlaridan biri ekanini taʼkidladi.
— Bizning asosiy maqsadimiz — bunday taşabbuslarni faqat bir martalik moliyaviy yordam bilan çeklab qöymasdan, ularning barqaror rivojlanişi uçun zarur şaroitlarni yaratişdir, — deydi Şarifbek Hasanov. — Buning uçun tadbirkorlar, investorlar, xalqaro taşkilotlar va mahalliy hamkorlar örtasidagi aloqalarni mustahkamlaş muhim ahamiyat kasb etadi. Işonçimiz komilki, aylanma iqtisodiyot tamoyillarini keng joriy etiş orqali çiqindilarni boşqariş sohasida yangi biznes yönalişlari şakllanadi, mahalliy işlab çiqariş rivojlanadi va mamlakatimizda yaşil iqtisodiyotga ötiş jarayoni yanada jadallaşadi.
Yarmarkada iştirokçilar öz loyihalarini namoyiş etdi. Bu esa tadbirkorlar, investorlar va hamkor taşkilotlar örtasida yangi aloqalar örnatiş uçun imkoniyat yaratdi.
Maʼlumot örnida taʼkidlaş lozimki, “Özbekiston şaharlarida aylanma iqtisodiyot va çiqindilarni boşqarişni rağbatlantiriş” loyihasi BMT Taraqqiyot dasturi va Agentlik hamkorligida amalga oşirilmoqda. Loyiha çiqindilarni qayta işlaşni rivojlantiriş, tadbirkorlarni qöllab-quvvatlaş hamda xotin-qizlar va yoşlar uçun yangi imkoniyatlar yaratişga qaratilgan.
Muhayyo Toşqorayeva,
ÖzA