Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi sport maktabi

Poytaxtimizning Yunusobod tumanida yangi bolalar va o‘smirlar sport maktabi binosi foydalanishga topshirildi.

Poytaxtimizning Yunusobod tumanida yangi bolalar va o‘smirlar sport maktabi binosi foydalanishga topshirildi.

Prezidentimiz qarori bilan tashkil etilgan O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan shaharu qishloqlarimizda qad rostlagan zamonaviy sport inshootlari millionlab o‘g‘il-qizlarning sevimli maskaniga aylanmoqda.

Jamg‘armaning Toshkent shahar filiali tomonidan 2003-2015-yillarda 26 yangi sport inshooti, 11 umumta’lim maktabining sport zallari, 23 suzish havzasi, 30 bolalar musiqa va san’at maktabi foydalanishga topshirildi. Bularning barchasi zarur jihoz va uskunalar bilan ta’minlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 3-iyundagi qarori bilan tasdiqlangan bolalar sporti obyektlari, musiqa va san’at maktablarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlashning manzilli dasturiga muvofiq, Toshkent shahar hokimligi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Toshkent shahar filiali va boshqa tashkilotlar hamkorligida rekonstruksiya qilingan Yunusobod tumanidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabi tuman aholisi uchun ajoyib sovg‘a bo‘ldi.

Maktab binosida barcha zarur jihoz va trenajyorlar bilan ta’minlangan sport zali, yopiq suzish havzasi, tibbiyot, yuvinish va kiyim almashtirish xonalari mavjud. Bu yerda 500 nafardan ziyod o‘g‘il-qiz futbol, basketbol, voleybol, suzish, taekvondo, erkin va yunon-rum kurashi kabi sport turlari bilan shug‘ullanish imkoniga ega.

– Besh yildan beri futbol bilan shug‘ullanaman. Jamoamiz bilan turli musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni egalladik, – deydi tumandagi 257-umumta’lim maktabi 9-sinf o‘quvchisi Kozim Inomjonov. – Mazkur inshootning maktabimiz yonida ekani biz uchun katta qulaylik yaratadi.

– Sport maktabining foydalanishga topshirilgani nafaqat farzandlarimizni, balki ota-onalarni ham quvontirdi, – deydi Nilufar Hamidova. – Katta qizim Anora gimnastika, kichigi Bonu suzish, o‘g‘lim Zafar karate bilan shug‘ullanadi. Avvallari farzandlarim uyimizdan uzoqroqda joylashgan sport inshootiga qatnardi. Endi ular mazkur sport maktabidagi to‘garaklarda shug‘ullanishi mumkin. Farzandlarimiz uchun bunday keng imkoniyatlar yaratilayotgani Prezidentimiz rahnamoligida yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasidir.