Yangi O‘zbekistonga yuksak ishonch ifodasi: TIIF-2026 rekord darajadagi ishtirokchilarni jamlamoqda
Poytaxtimizda davom etayotgan V-Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TIIF-2026) nafaqat mamlakatimiz, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasining iqtisodiy hayotida tub burilish nuqtasi sifatida baholanmoqda.
Ta’kidlanishicha, Toshkent uch kun davomida global kapital, xalqaro biznes va yirik istiqbolli qarorlar qabul qilinadigan bosh markazga aylanadi. Ahamiyatlisi, bu yilgi anjuman ishtirokchilari geografiyasi va ko‘lami jihatidan forum tarixidagi mutlaq rekordni yangiladi.
Yig‘inda dunyoning 100 ta davlatidan 3 ming 423 nafar xorijiy delegat jam bo‘lgan bo‘lsa, umumiy ishtirokchilar soni 8 ming 316 nafardan oshib ketdi. Bu ko‘rsatkichning o‘ziyoq xalqaro hamjamiyatning Yangi O‘zbekistondagi islohotlarga va iqtisodiy barqarorlikka bo‘lgan ishonchi nechog‘li yuqori ekanini yaqqol isbotlaydi.
“Investitsiyalar barqarorligi: yangi ufqlar, yangi sheriklik” shiori ostida o‘tayotgan ushbu nufuzli anjuman doirasida geologiya, yashil energetika, sun’iy intellekt, transport-logistika, sanoat kooperatsiyasi va raqamli iqtisodiyot kabi strategik yo‘nalishlar diqqat markazida turibdi.
O‘zA muxbiri mazkur anjumanning ahamiyati va o‘lkamizda xorijlik sarmoyadorlar uchun yaratilayotgan investitsiya imkoniyatlari xususida O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bo‘lim boshlig‘i Sardor Abdualimovning fikrlarini yozib oldi.
- Joriy yilgi forum mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun muhim strategik ahamiyatga ega. Biz shunchaki mablag‘ jalb qilish emas, balki yuqori texnologiyalarga asoslangan loyihalarni amalga oshirishni bosh maqsad qilganmiz. Forum doirasida sun’iy intellekt, raqamlashtirish va yashil texnologiyalar bo‘yicha xorijning yetakchi kompaniyalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlar olib borilmoqda.
O‘zbekistonda investorlar uchun yaratilgan huquqiy kafolatlar va erkin bozor muhiti bugun o‘z mevasini bermoqda. Eng muhimi, bu galgi tadbirda Fors ko‘rfazi va Yevropaning yirik kapital egalari bo‘lgan fondlar bilan kelajak iqtisodiyoti poydevorini quradigan transchegaraviy loyihalarni muhokama qilyapmiz.
Ishonchim komilki, forum yakunida imzolanadigan shartnomalar yurtimizda minglab yangi yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratilishiga va ishlab chiqarish tizimini tubdan modernizatsiya qilishga xizmat qiladi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA