“TXIF-2026” doirasida xalqaro ko‘rgazma ish boshladi
Bugun “CAEx” majmuasida yirik xalqaro sanoat ko‘rgazmasi ochildi. V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida ish boshlagan mazkur maydon O‘zbekiston iqtisodiyotining asl salohiyatini namoyish etish barobarida mamlakatimiz sanoatining yaqin yillardagi rivoji, sarmoyaviy istiqboli haqida ham aniq tasavvur beradi. Mehmonlarda jiddiy qiziqish uyg‘otgan ushbu tadbir mahalliy va xorijiy investorlar, biznes vakillari hamda xalqaro moliya institutlari diqqat markazida turibdi.
Qariyb 6 000 kvadrat/metr maydonni qamrab olgan ekspozitsiyada iqtisodiyotimizning eng muhim tarmoqlari keng namoyish etilmoqda. Neft-gaz-kimyo sanoati, mashinasozlik, elektrotexnika, metallurgiya, qurilish materiallari, farmatsevtika va oziq-ovqat sanoatida amalga oshirilayotgan zamonaviy loyihalar taqdim etilgan. Ayniqsa, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulot ishlab chiqarish, mahalliylashtirish darajasini oshirish va eksport geografiyasini kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar xorijiy investorlar e’tiborini tortyapti.
[gallery-29981]
Ko‘rgazma anchayin keng qamrovli tadbirga aylandi. Majmuada respublikamizning sanoat siyosati, ishlab chiqarish zanjiri va investitsiya muhiti namoyon. Ilgari surilayotgan loyihalar yurtimizning xom ashyo yetkazib beruvchi davlatdan yuqori texnologiyali mahsulot ishlab chiqaruvchi mamlakatga aylanish yo‘lidagi sa’y-harakatini yaqqol aks ettirgan.
Shuningdek, xorijiy hamkorlar uchun foydali muzokara maydoni vazifasini ham o‘tayotgan anjumanda biznes vakillari, investitsiya jamg‘armalari, davlat idoralari va xalqaro moliya institutlari o‘rtasida uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Mutaxassislar fikricha, aynan shunday muloqotlar investitsiyaviy qarorlarni tezlashtirish, yangi sheriklar topish va qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Umuman, 100 ga yaqin mamlakatning 9 000 dan ziyod vakili qatnashayotgan forum O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, yangi sanoat loyihalarini yo‘lga qo‘yish orqali xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Musulmon Ziyo,
Farxod Abdurasulov (surat),
O‘zA