Yangi O‘zbekistondagi islohotlar samarasining xalqaro indikatorlardagi ifodasi
So‘nggi yillarda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, mamlakat investitsiyaviy jozibadorligini oshirish hamda davlat boshqaruvi samaradorligini baholashda muhim ahamiyat kasb etadigan xalqaro reyting va indekslardagi mavqeini yaxshilash borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, iqtisodiy barqarorlik va ijtimoiy farovonlikni ta’minlash, fuqarolar va xalqaro hamkorlar uchun ochiq, qulay va shaffof muhit yaratishga qaratilgan tizimli islohotlar olib borilgani natijasida mamlakatning xalqaro indikatorlardagi ko‘rsatkichlari tobora yaxshilanib bormoqda.
Global reytinglardagi ijobiy dinamika va tendensiyaning kuzatilishi nafaqat mamlakatning xalqaro obro‘-e’tiborini yuksaltirayotgani, balki davlat, jamiyat va inson o‘rtasidagi ijtimoiy munosabatlarni yanada mustahkamlab, demokratik yangilanishlar jarayoni mustahkam shakllanib borayotganligini anglatadi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, O‘zbekistonda xalqaro reyting va indekslar bilan ishlashning milliy tizimi yaratilgan bo‘lib, ushbu sohada parlament nazorati kuchaytirilgan.
Ayniqsa, keyingi 5 yilda O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashish indeksida 32, iqtisodiy erkinlik indeksida 31, huquq ustuvorligi indeksida 16, logistika samaradorligi hamda global innovatsiya indekslarida 11 pog‘onaga yuqorilashga erishgan.
Xususan, “Transparency International” tashkiloti tomonidan e’lon qilingan yangi reytingda O‘zbekiston korrupsiya darajasi bo‘yicha 182 ta davlat ichida 124-o‘rinni egallab, 100 ballik indeksga ko‘ra 31 ball (2025 yilda – 32 ball) to‘plagan.
Elektron hukumatni rivojlantirish indeksida O‘zbekiston 6 pog‘onaga yuqorilab, 193 davlat orasida 63-o‘rindan joy oldi.
Ushbu natijalar davlat organlari, jamoatchilik va fuqarolik jamiyati institutlarining muvofiqlashtirilgan hamkorligi, aniq indikatorlar asosida amalga oshirilgan islohotlar samarasi ekanidan dalolat bermoqda.
Shu bilan birga, o‘tgan yillar davomida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, gender tenglik sohasida amalga oshirilgan ishlar natijasida bir qator nufuzli xalqaro reyting va baholash indekslarida yuqori ko‘rsatkichlarga erishilgan.
Misol uchun, Milliy parlamentlar bo‘yicha xalqaro reytingda (IPU Parline) O‘zbekiston parlamentdagi xotin-qizlar ulushi bo‘yicha dunyodagi 183 ta davlat ichida 15 pog‘ona yuqorilab, 52-o‘rindan 37-o‘ringa ko‘tarilgan.
Gender tenglik va boshqaruv indeksining (Gender Equality and Governance Index – GEGI) baholash natijalariga ko‘ra, 2025 yilga kelib O‘zbekiston 103-pog‘onadan 52-pog‘onaga ko‘tarilib, mintaqada birinchi o‘rinni egallagan.
AQSHdagi Open Data Watch tashkilotining so‘nggi hisobotida Ochiq gender ma’lumotlari indeksida O‘zbekiston jahondagi eng yaxshi 20 ta mamlakat qatoridan joy olgan.
Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” indeksida 48-pog‘onani egallash hisobiga 190 mamlakat ichida 91-o‘rin (82,5 ball) qayd qilingani, bu gender tenglik, ayollar huquqlari va imkoniyatlarini ta’minlash borasida amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlar natijasi ekani alohida e’tirof etilgan.
Shuningdek, fuqarolik jamiyati sektorining holatini baholaydigan eng muhim va ixtisoslashgan indikatorlardan biri – Fuqarolik jamiyati tashkilotlarining barqarorlik indeksida (CSOSI) Hukumatning ijtimoiy sheriklik va davlat grantlari orqali NNTlarni moliyalashtirishni kengaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlari ijobiy baholangan.
Butunjahon qonun ustuvorligi indeksida (“World Justice Project” (WJP) O‘zbekiston 2017-2018 yillardan boshlab “Tartib va xavfsizlik” hamda “Fuqarolik odil sudi” kabi yo‘nalishlarda sezilarli o‘sish namoyish etgani ta’kidlangan.
Dunyodagi eng keng qamrovli demokratiya ma’lumotlar bazasi hisoblangan “V-Dem” (Varieties of Democracy) instituti (AQSH) tomonidan 2017 yildan keyin O‘zbekistondagi fuqarolik jamiyati tashkilotlari faoliyatida faol erkinlashuv jarayoni kuzatilgani qayd etib o‘tilgan.
“World Happiness Report” indeksiga ko‘ra, O‘zbekiston xayriya bo‘yicha yetakchi mamlakatlar qatorida bo‘lib, jahon reytingida 25- o‘rinni egallagan. Boshqacha aytganda, xayriya qilayotgan fuqarolar ulushi (53,9 foiz) bo‘yicha O‘zbekiston MDH, Yevropa va Osiyo davlatlari orasida yetakchilik qilmoqda.
Ushbu ko‘rsatkich jamiyatda ijtimoiy birdamlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash darajasi yuqori ekanini ko‘rsatmoqda. Bu o‘z navbatida, o‘zaro yordam ko‘rsatish madaniyati mamlakatning to‘g‘ridan-to‘g‘ri iqtisodiy darajasiga bog‘liq emasligi, balki an’analar va jamiyat normalari asosida shakllanganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Shu bilan birga, Numbeo xalqaro portali tomonidan e’lon qilingan “Xavfsizlik indeksi – 2026” reytingida O‘zbekiston 23-o‘rinni egallagan. E’tiborli jihati shuki, O‘zbekistondagi xavfsizlik darajasi Shveysariya (27-o‘rin), Germaniya (52), Kanada (77), AQSH (94) va Fransiya (114) kabi davlatlardan ko‘ra yaxshiroq deb topilgan.
Ta’kidlash lozim, “Numbeo xavfsizlik indeksi” u yoki bu mamlakatda jinoyatchilik darajasi, aholining huquq-tartibot organlariga ishonchi, tungi va kunduzgi vaqtda ko‘chalarda yurish xavfsizligi kabi mezonlar asosida o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijalariga qarab shakllantiriladi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan transformatsiya jarayonlari va keng qamrovli islohotlar natijasida erishilayotgan yutuqlar davlat organlari, biznes sub’ektlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi amaliy hamda uzviy hamkorlikning yaqqol ifodasidir.
Mamlakatning xalqaro reyting va indekslardagi mavqei yildan-yilga barqaror mustahkamlanib borayotgani shunchaki ko‘rsatkich emas, balki milliy boshqaruv tizimining xalqaro standartlar asosida sifat jihatidan yangilanayotganining ko‘rinishi desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Zotan, bunday ijobiy dinamika iqtisodiy va siyosiy modernizatsiyalash dasturlarining bir-birini to‘ldiruvchi yaxlit strategiyaga aylanganini ko‘rsatadi hamda milliy demokratiya modelini yanada yuksaltirish, boshqaruvda xolislik va qonun ustuvorligini ta’minlash orqali mamlakatning jahon hamjamiyatidagi barqaror mavqeini kafolatlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Adhamjon Uzoqjonov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi.
O‘zA