O‘zbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rni yaxshilanishi bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
Senat yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasining ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi o‘rni yaxshilanishi to‘g‘risidagi milliy ma’ruza ko‘rib chiqildi.
Senatorlar mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash, investitsiyaviy jozibadorligini oshirish hamda davlat boshqaruvi samaradorligini baholashda muhim ahamiyat kasb etadigan ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi mavqeini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha muhokama qildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Adliya vazirligining mutasaddilari tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy sohalardagi ko‘rsatkichlar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.

2025-yilda mamlakat uchun ustuvor deb belgilangan 20 ta xalqaro reyting va indekslardan 14 tasida O‘zbekistonning ko‘rsatkichlari yaxshilandi, 4 tasida holat o‘zgarmasdan qoldi, 2 tasi bo‘yicha esa natijalar e’lon qilinmagan.
Ushbu natijalar davlat organlari, jamoatchilik va fuqarolik jamiyati institutlarining muvofiqlashtirilgan hamkorligi, aniq indikatorlar asosida amalga oshirilgan islohotlar samarasi ekani ta’kidlandi.
Jumladan, Barqaror rivojlanish maqsadlari indeksida O‘zbekiston 19 pog‘onaga yuqorilab, 167 davlat orasida 62-o‘rinni egalladi.

Mamlakatimiz 2015-yildan beri barqaror rivojlanish sohasida eng sezilarli taraqqiyotga erishgan davlatlar qatoridan joy olib, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida eng yuqori taraqqiyot sur’atini namoyon etayotgan mamlakat sifatida e’tirof etildi.
Elektron hukumatni rivojlantirish reytingida O‘zbekiston 193 ta davlat orasida 63-o‘rinni egallab, 6 pog‘onaga yuqoriladi. Respublikamiz elektron hukumat sohasida rivojlanish bo‘yicha “yuqori” guruhdan “juda yuqori” guruhga ko‘tarilgan 17 ta davlatdan biriga aylandi.

Iqtisodiy erkinlik indeksida ham 3 pog‘onaga o‘sish qayd etildi. Fitch Ratings va “S&P” agentliklari esa 2018-yildan beri ilk marotaba o‘zining bahosini “VV-” dan 1 pog‘ona yuqoriga – “VV” (barqaror kutilma) darajasida tasdiqladi. Joriy yilda esa O‘zbekistonning suveren kredit reytingi prognozini “barqaror”dan “ijobiy”ga yaxshiladi.
Ushbu ijobiy o‘zgarishlar mamlakatimizga xorijiy investitsiyalarni yanada ko‘proq jalb etish, xalqaro moliya bozorlaridan arzonroq resurslar olish hamda iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda xalqaro hamkorlar uchun aniq kafolat bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.
Muhokama davomida ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda xalqaro reyting va indekslar bilan ishlashning milliy tizimi yaratilgan va shu tariqa parlament nazorati kuchaytirilgan. Har yili tayyorlanadigan milliy ma’ruzada davlat organlari faoliyati, amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligi va qonunchilikni takomillashtirish zarurati yuzasidan xolis va tahliliy ma’lumotlar taqdim etilmoqda.
Shu bilan birga, Milliy ma’ruza tahlillari ayrim reyting va indekslarda pasayish holatlarini ham ko‘rsatdi. Xususan, ayrim sohalardagi korrupsiya holatlari, qonunlarga rioya etishdagi muammolar, matbuot erkinligiga oid kamchiliklar mamlakatimizning reytinglardagi mavqeiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Ushbu muammolarni bartaraf etish maqsadida Oliy Majlis Senati tomonidan tegishli qaror qabul qilindi. Unda sohalar bo‘yicha aniq tavsiyalar ishlab chiqish, mas’ul idoralar faoliyati ustidan jamoatchilik va parlament nazoratini kuchaytirish, mas’uliyatni oshirish hamda reyting ko‘rsatkichlariga salbiy ta’sir etuvchi indikatorlar yuzasidan yangi islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA