Markaziy Osiyo xalqaro institutida 18 oktyabr kuni “Yangi O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda qator vazirlik va idoralar vakillari, ekspertlar, shuningdek, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan konferensiyada mintaqa davlatlar rahbarlari o‘rtasidagi samimiy do‘stlik va konstruktiv muloqot mamlakatlararo munosabatlarni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Keyingi yillarda mintaqada yanada mustahkamlangan o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik munosabatlari siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda ijobiy natijalar qo‘lga kiritilishida muhim omil bo‘lmoqda. Masalan, O‘zbekistonning qat’iy sa’y-harakatlari tufayli qo‘shni mamlakatlar bilan barcha dolzarb masalalar, jumladan, davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish, suv resurslaridan oqilona foydalanishga doir masalalarda kelishuvlarga erishildi.
Tadbirda Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori A.Nosirov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A.Saidov, tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari F.Arziyev, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori E.Tulyakov, K.Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatli vakili R.Xayne, Markaziy Osiyo davlatlarining mamlakatimizdagi elchilari so‘zga chiqdi.
[gallery-4295]
Ma’ruzachilar mustaqillik davrida O‘zbekiston davlat va jamiyat qurilishida ulkan natijalarga erishganini ta’kidlab o‘tdi. Jumladan, so‘nggi besh yilda mamlakatimizdagi keng ko‘lamli o‘zgarishlar sur’ati va shiddati boshqa mamlakatlarga namuna bo‘layotgani alohida qayd etildi.
O‘zbekistonning mintaqaviy tashqi siyosati tufayli Markaziy Osiyo davlatlari – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarida ulkan natijalarga erishildi. Ekspertlar ta’kidlashicha, so‘nggi to‘rt yilda mintaqa mamlakatlarining yalpi ichki mahsuloti hajmi qariyb 25 foiz o‘sib, 300 milliard dollarga yetdi.
Konferensiyada qo‘shni davlatlar o‘rtasida iqtisodiy integratsiyaga erishish uchun mintaqaviy xavfsizlik va gumanitar hamkorlik sohasida aloqalarni kuchaytirish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.
– Toshkent va Dushanbe o‘rtasidagi do‘stlik uzoq tarixga ega. So‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar mutlaqo yangi bosqichiga ko‘tarildi. bugungi kunda O‘zbekiston – Tojikiston hamkorligini strategik sheriklikning namunali modeli deyish mumkin, – dedi Tojikiston Tashqi siyosat markazi tashqi siyosatni tahlil qilish va prognozlashtirish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari M.Abdujabborov.
Tadbirda Markaziy Osiyo mamlakatlari hamkorligining nazariy jihatlarini o‘rganish, investitsion, transport-kommunikatsiya, energetika, ekologiya va madaniy-gumanitar sohalardagi dolzarb masalalar yuzasidan ilmiy tadqiqotlar yo‘nalishlarini aniqlash zarurligi qayd etildi.
Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA muxbiri