Yangi O‘zbekiston tibbiyotining falsafasi
So‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida sog‘liqni saqlash sohasi mamlakatdagi eng faol islohotlar amalga oshirilayotgan yo‘nalishlardan biriga aylandi. Bu islohotlarning o‘ziga xos jihati shundaki, ular faqat yangi tibbiyot muassasalari ochish yoki infratuzilmani yaxshilash bilan cheklanib qolmayapti. Bugun butun tizimning falsafasi o‘zgarmoqda.
Xususan, tibbiy faoliyatni litsenziyalash va akkreditatsiyalash sohasida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar buning yaqqol isbotidir.
2026-yil 5-may kuni qabul qilingan Prezidentning “Tibbiyot sohasida xususiy sektorni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “Tibbiyot sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori aynan shu sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi maslahatchisi Shuhrat Rasulov bu haqda batafsil quyidagilarni gapirib berdi:
– Aslida, bugun davlatning yondashuvi o‘zgardi. Ilgari litsenziyalash ko‘proq ruxsat berish jarayoni sifatida qabul qilingan bo‘lsa, endilikda u tibbiy xizmatlar sifatini ta’minlash mexanizmiga aylanmoqda.
Buni raqamlarning o‘zi ham ko‘rsatadi. Agar 2016-yilda mamlakatimizda 3 mingdan ziyod xususiy tibbiyot tashkiloti faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugun ularning soni 9 mingga yaqinlashdi. Bu qariyb uch barobar o‘sish demakdir.
Bu raqamlar xususiy sektor uchun yaratilgan imkoniyatlar samarasini ko‘rsatadi. Lekin shu bilan birga, davlat oldida yangi vazifalarni ham qo‘ydi. Chunki xususiy tibbiyot qanchalik tez rivojlansa, aholi xavfsizligi va xizmat sifati bo‘yicha talablar ham shunchalik yuqori bo‘lishi kerak.
Shu bois, bugun litsenziyalash tizimidagi asosiy maqsad klinikalar faoliyatini cheklash emas, balki ularning barqaror va sifatli ishlashini ta’minlashdan iborat.

Yana bir muhim jihat davlat va xususiy tibbiyot uchun yagona qoidalar joriy etilayotganidir.
Ilgari amalda davlat muassasalari va xususiy sektorga nisbatan turlicha yondashuvlar mavjud edi. Bugun esa «bemor qayerda davolanishidan qat’i nazar, bir xil sifat standarti bo‘lishi kerak» degan tamoyil asosiy mezonga aylanmoqda.
Shu maqsadda 2030-yilga qadar davlat tibbiyot muassasalarini bosqichma-bosqich litsenziyalash belgilangan. Xususan, respublika darajasidagi 55 ta, hududiy darajadagi 413 ta va 3 mingdan ortiq tuman-shahar tibbiyot tashkilotlari litsenziya talablariga moslashtiriladi.
Bu, shubhasiz, mamlakatimiz tibbiyoti tarixidagi eng katta sifat islohotlaridan biri hisoblanadi.
Shuningdek, tibbiy xizmatlar turlarini kengaytirish bo‘yicha ham katta ishlar amalga oshirilmoqda. Tibbiy ixtisosliklar soni 116 tadan 255 tagacha oshirilmoqda, 64 ta asosiy yo‘nalish bo‘yicha qo‘shimcha ixtisosliklar joriy etilmoqda.
Bu aholi uchun zamonaviy va ixtisoslashtirilgan xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi.
E’tiborli jihati shundaki, tibbiy faoliyatni nazorat qilish tizimi ham tubdan o‘zgarmoqda.
Avval nazorat ko‘proq muammo yuzaga kelgandan keyin amalga oshirilgan bo‘lsa, bugun ichki nazorat, tashqi nazorat va jamoatchilik nazoratini qamrab olgan profilaktik tizim shakllantirilmoqda. Onlayn monitoring, raqamli baholash va «sirli mijoz» kabi mexanizmlar joriy etilayotgani ham shundan dalolat beradi.
Akkreditatsiya sohasidagi o‘zgarishlar esa yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Agar avval akkreditatsiya ko‘proq ixtiyoriy va nufuzli maqom sifatida qaralgan bo‘lsa, bugun u iqtisodiy rag‘batlantirish va raqobatbardosh vositaga aylanmoqda.
Masalan, milliy yoki ISQua (Sog‘liqni saqlashda sifat bo‘yicha xalqaro jamiyat) tomonidan e’tirof etilgan xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan tibbiyot tashkilotlari uchun Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan shartnoma tuzishda ortiqcha ekspert xulosasini olish talabi bekor qilinmoqda.
Bu, bir tomondan, byurokratik jarayonlarni qisqartirsa, ikkinchi tomondan, sifatli ishlayotgan muassasalarni rag‘batlantiradi.

Yana bir muhim yangilik – milliy yoki xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan nodavlat tibbiyot tashkilotlariga belgilangan tartibda transplantatsiya amaliyotlarini amalga oshirish imkoniyati berilayotgani.
Bu mamlakatimizda yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, davlatning talabi ham aniq: davlat mablag‘lari, avvalo, sifati tasdiqlangan muassasalarga yo‘naltirilishi kerak. Shu maqsadda kelgusida akkreditatsiyadan o‘tmagan muassasalar bilan davlat tibbiy sug‘urtasi doirasida tibbiy xizmatlar xaridi cheklanadi.
Bu orqali butun tizim sifat uchun harakat qilishga yo‘naltiriladi.
Yana bir muhim imtiyozlardan biri – milliy yoki xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan tibbiyot tashkilotlarining litsenziyasi akkreditatsiyaning amal qilish muddatiga mos ravishda avtomatik uzaytiriladi. Bu esa sifatini tasdiqlagan muassasalar uchun takroriy litsenziyalash bilan bog‘liq ortiqcha ma’muriy tartib-taomillarni qisqartirib, ularga asosiy e’tiborni hujjatbozlikka emas, tibbiy xizmatlar sifatini oshirishga qaratish imkonini beradi.
Shu o‘rinda milliy akkreditatsiya tushunchasiga alohida to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasida tibbiyot tashkilotlarining milliy akkreditatsiyasi Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 14-yanvardagi 16-son qarori, Prezidentning 2026-yil 5-maydagi tegishli qarori hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli normativ-huquqiy hujjatlari asosida amalga oshiriladi.
Milliy akkreditatsiya – tibbiyot tashkilotlarining tibbiy yordam sifati va xavfsizligi bo‘yicha milliy standartlarga muvofiqligini mustaqil baholash jarayoni bo‘lib, uning asosiy maqsadi bemorlar xavfsizligi, sifatli tibbiy yordam, malakali kadrlar, xavflarni samarali boshqarish va sifat menejmenti tizimining samarali faoliyatini ta’minlashdan iborat.
Milliy akkreditatsiya standartlari davlat va xususiy tibbiyot tashkilotlari uchun bir xil qo‘llaniladi hamda ISQuaEEA (Sog‘liqni saqlash sohasida sifat bo‘yicha xalqaro jamiyatning tashqi baholash dasturi) xalqaro talablari, ko‘p yillik xalqaro tajriba va Markaziy Osiyo davlatlaridagi amaliy tajribalar asosida ishlab chiqilgan.
Tizim 75 ta standartdan iborat bo‘lib, ular 7 ta asosiy yo‘nalishni qamrab oladi: yetakchilik va boshqaruv, bino va jihozlar xavfsizligi, infeksion nazorat, dori vositalarini boshqarish, bemorlar huquqlari, klinik jarayonlar hamda kadrlarni boshqarish.

Ushbu standartlarni joriy etish tibbiyot tashkilotlarida sifat va xavfsizlik madaniyatini mustahkamlash, boshqaruv samaradorligini oshirish, bemorlar va xodimlar uchun xavflarni kamaytirish hamda milliy sog‘liqni saqlash tizimini xalqaro standartlarga yaqinlashtirishga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, bugun biz tibbiy faoliyatga litsenziya berishning oddiy ma’muriy modelidan sifatni boshqarish modeliga, akkreditatsiyaning rivojlanish va rag‘batlantirish mexanizmiga o‘tmoqdamiz.
Eng muhimi, bu islohotlarning barchasi bitta maqsadga xizmat qiladi: har bir yurtdoshimiz qayerda yashashidan, davlat yoki xususiy tibbiyot muassasasiga murojaat qilishidan qat’i nazar, xavfsiz, sifatli va zamonaviy tibbiy xizmat olish huquqini ta’minlash.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan bu islohotlar, hech shubhasiz, O‘zbekiston tibbiyotini yangi bosqichga olib chiqadigan strategik o‘zgarishlar sifatida tarixda qoladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA