Jamoatchilik nazorati mahalla taraqqiyotiga xizmat qiladi
Qumqo‘rg‘on tumanida Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on, Bandixon va Sho‘rchi tumanlari mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari uchun “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi: fuqarolik jamiyati institutlari uchun yangi imkoniyatlar” mavzuiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Surxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasi, O‘zbekiston Qizil Yarim Oy jamiyati viloyat tashkiloti hamda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Prezidentimizning joriy yil 16-fevraldagi “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Tadbirda Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Surxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari Z.Alimardonova va boshqalar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturining mazmun-mohiyati haqida ma’lumot berdi. Unda belgilangan ustuvor vazifalarning mazmun-mohiyatini fuqarolik jamiyati institutlari vakillariga yetkazish, ularning islohotlardagi ishtirokini kengaytirish, davlat va jamiyat boshqaruvidagi o‘rnini mustahkamlash, yaratilayotgan yangi imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalari muhokama etildi.

Davra suhbatida ta’kidlandiki, dasturda mahallalar infratuzilmasini takomillashtirish va ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish g‘oyasining ilgari surilgani sanoat va xizmatlar ko‘rsatish tarmoqlarini yangi bosqichda rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda. Aholining ijtimoiy muammolari hal etilib, mahallalar qiyofasi tubdan o‘zgaryapti. Jumladan, mahallalarga o‘z muammolarini mustaqil hal etishi uchun moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirib, qo‘shimcha manbalar yaratildi. Mahallalarda aholi muammolarini “xonadonbay” o‘rganish va davlat organlari tomonidan ularning hal etilishini onlayn nazorat qilish tartibi joriy etildi. “Mahalla yettiligi” faoliyatini tashkil etish jarayonlari isloh qilinib, o‘z vazifasiga mas’uliyati oshirildi. Olis hududlardagi mahallalarda aholining jamiyat hayotida ijtimoiy faol bo‘lishini ta’minlash, fuqarolar yig‘inlarining aholi muammolarini hal etishdagi rolini oshirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish, mahalla xodimlari faoliyatini ilmiy asosda tashkil etish, ularning bilim va ko‘nikmalarini doimiy rivojlantirish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Mahallalarda sanoat va xizmatlar ko‘rsatishning rivojlanayotgani yangi ish o‘rinlari tashkil etib, aholi bandligini ta’minlashga ko‘maklashmoqda. Ishsizlik va kambag‘allikdan xoli mahallalar soni kengayib, oilalarning turmush darajasi yuksalmoqda.
– O‘tgan yil viloyatda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 60 ming oilaning 274 mingdan ortiq a’zosi kambag‘allikdan chiqarilib, kambag‘allik darajasi 9,3 foizdan 4,5 foizga tushirildi, – deydi Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Surxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari Zebuniso Alimardonova “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida vohaning kambag‘allik darajasini 2,8 foizga tushirish belgilab olingan. – Angor, Denov, Jarqo‘rg‘on, Qiziriq, Muzrabot, Termiz tumanlari va Termiz shahrini “ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hudud”ga aylantirish rejalashtirilgan. Bunday ulug‘ maqsadni ro‘yobga chiqarish uchun mahallalarda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, belgilangan vazifalarni bajarishda fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini yanada kengaytirish lozim.

Davra suhbatida strategiyada belgilab berilgan vazifalarni sifatli bajarish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri