Shifokorlar yuzlab, minglab bemorlar dardiga malham bo‘lishi, kezi kelganda ularga qayta hayot berishi, aksincha, birgina xato tufayli inson umriga nuqta qo‘yishi mumkin. Bugun ana shunday mas’uliyatli, mashaqqatli va shu bilan birga sharafli kasb egalarining bayrami!
Yurtimizda har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi “Tibbiyot xodimlari kuni” sifatida keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan poytaxtimizda tantanali tadbir o‘tkazildi. Unda Prezident Administratsiyasi mutasaddilari, Hukumat a’zolari, tibbiyot sohasi va keng jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston sog‘liqni saqlash sohasi xodimlariga bayram tabrigini Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘qib eshittirdi. Yangi O‘zbekistonimiz erishayotgan katta yutuqlarda, inson kapitalini rivojlantirishda jonkuyar tibbiyot xodimlarining munosib hissasi e’tirof etildi.
[gallery-20280]
Davlatimiz rahbarining tabrigida ta’kidlanganidek, keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli sog‘liqni saqlash tizimida ham tub o‘zgarishlar yuz bermoqda. Avvalo, ajratilayotgan byudjet mablag‘larining bir necha bor ko‘paytirilgani, xususiy sektor rivojiga keng yo‘l ochilayotgani tufayli sohaning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyati mustahkamlanmoqda, xizmatlar tarmog‘i kengayib, sog‘lom raqobat muhiti shakllanib, sifat va samaradorlik oshmoqda. Diagnostika va davolash amaliyotiga ilg‘or zamonaviy texnologiyalar faol joriy etilmoqda. Barcha ijtimoiy xizmatlar qatori tibbiyotni ham xalqimizga yanada yaqin qilish uchun malakali davolash va profilaktika tizimini xonadonlargacha olib kirish choralari ko‘rilmoqda.
Darhaqiqat, Yangi O‘zbekiston tibbiyoti – yangicha yondashuvlar asosida transformatsiya qilinayotgan tizim. Xalqni rozi qilish uchun xalqqa yanada yaqinlashayotgan soha. Sohada amalga oshirilayotgan islohotlar markazida “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil ustuvor. Soha oldiga qo‘yilgan vazifalar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda, maqsadlar ro‘yobga chiqmoqda. Muhimi, malakali tibbiy xizmat har bir xonadongacha kirib borishi uchun barcha imkoniyatlar safarbar etilyapti.
[gallery-20272]
Alohida qayd etish kerakki, birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari – sohaning yuragi. Bu bo‘g‘inda kasalliklar oqibati bilan emas, ko‘proq sabablari bilan kurashiladigan yangicha mexanizmlarni joriy etishga kirishilgan. Davlatimiz rahbari topshirig‘iga ko‘ra, aholining ehtiyojmand qatlamiga yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatishni mahallabay, manzilli va maqsadli ta’minlash bo‘yicha “Surxondaryo tajribasi” yo‘lga qo‘yilyapti. Namunaviy hudud sifatida tanlangan Angor tumanida tibbiyot brigadalari faoliyati tubdan takomillashtirilmoqda.
Yurtimiz bo‘ylab “Elektron poliklinika”, “Elektron retsept” dasturlari joriy etilyapti. Mamlakatimizda ilk bor patronaj doyalari xalqaro standartlar asosida o‘qitildi. Bosqichma-bosqich davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy etilmoqda. Tez tibbiy yordam tizimida ham elektron avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi amalda. Oxirgi yillarda “103” xizmatiga 1 000 dona zamonaviy “Volkswagen Caddy” rusumli avtomobillar yetkazib berildi.
Ixtisoslashgan tibbiy xizmat ham xalqqa yaqinlashmoqda. Bu yo‘nalishda hozirgacha joriy etilgan diagnostika usullari qariyb 550 taga yetdi, davolash usullari esa 800 dan oshdi. Jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida donordan olingan suyak ko‘migi o‘zak hujayralari transplantatsiyasi yo‘lga qo‘yildi. Kardiologiya markazida yurak nuqsonidan aziyat chekuvchi bemorlarda 3D endoskopik usulda murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazish o‘zlashtirildi.
Faoliyat boshlaganiga ko‘p bo‘lmagan Milliy tibbiyot markaziga Yevropadan zamonaviy ko‘chma kardiojarrohlik majmuasi olib kelingach, bir qator olis tumanlarda shu mobil shifoxonaning o‘zida murakkab kardioxirurgik operatsiyalar muvaffaqiyatli bajarildi.
Bu kabi yutuqlarimiz jahon miqyosida ham munosib e’tirof etilmoqda. Bolalar milliy tibbiyot markazi xalqaro darajadagi JCI sertifikatini oldi. Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari ham xalqaro akkreditatsiyadan o‘tdi.
Bundan tashqari, buyrak va jigar transplantatsiyasi kabi murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli o‘tkazib kelinayotgan Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ISO 9001:2015 va ISO 7101:2023, Milliy tibbiyot markazida esa ISO 9001:2015 xalqaro sifat standartlari joriy etildi.
JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi O‘zbekistonning gepatit "V" ga qarshi kurashish bo‘yicha mintaqaviy maqsadli ko‘rsatkichlarga erishganini tasdiqlovchi sertifikatni taqdim etdi.
Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi tuzilmasida “Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi” loyiha ofisi tashkil etildi. Onkologik va gematologik kasalliklarga chalingan bolalarni sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi ish boshladi. Vazirlik elektron platformasining “Vaziyatlar markazi” ochildi. Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi faoliyati tashkil etildi.
Poytaxtimizda amalga oshirilgan navbatdagi mega loyihalardan biri Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining yangi birlashgan kompleksi barpo etilishi bo‘ldi.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog‘iston filiali mintaqada “noldan” qurilgan birinchi ko‘p tarmoqli shifoxona bo‘ldi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda sog‘liqni saqlash tizimidagi transformatsiya ishlarini jahon tajribasi asosida amalga oshirish maqsadida yurtimizda turkiyalik mutaxassislar guruhi ish olib bormoqda.
Tibbiy ta’limdagi yangiliklar ham e’tirofga loyiq. Toshkent tibbiyot akademiyasining bakalavriat, magistratura, klinik ordinatura va malaka oshirish mutaxassisliklari bo‘yicha jami 20 ga yaqin ta’lim dasturi Ta’lim sifatini ta’minlash bo‘yicha mustaqil xalqaro akkreditatsiya va reyting agentligi (IAAR) tomonidan xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazildi va maxsus sertifikatga ega bo‘ldi.
Mamlakatimizda klinik ordinatura mutaxassisliklari bo‘yicha kirish imtihonlari bir bosqichli test sinovlari asosida, shaffof tarzda o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi. Ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasalarida ish haqi to‘lanadigan internatura tashkil etilishi belgilandi.
Oliy ta’lim muassasalarining 200 nafar bitiruvchisi magistratura va klinik ordinatura dasturlari asosida yetakchi xorijiy universitetlarda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shuningdek, O‘zbekistonda ilk bor yuqori salohiyatga ega xususiy shifoxonalarga klinik ordinatorlarni tayyorlash uchun ruxsat berildi.
Qator xorijiy davlatlar bilan birgalikda qo‘shma tibbiyot anjumanlari, forumlar o‘tkazildi. Ularda o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qator manfaatli kelishuvlarga erishildi.
– Sohada o‘z yechimini kutayotgan masalalar ham ko‘p. Ularni samarali hal etish uchun bor imkoniyatimizni safarbar qilamiz, – dedi sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Asilbek Xudoyorov, soha xodimlarini kasb bayrami bilan qutlash asnosida. – Davlatimizning bosh maqsadi tibbiyotni yanada xalqchil tizimga aylantirish ekan, biz soha xodimlari bor salohiyatimizni, bilim va tajribamizni ishga solamiz.
Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan davlatimiz rahbarining tegishli farmoni asosida bir guruh sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari mukofotlandi. Tadbirda poytaxtimizdagi tibbiyot muassasalaridan ana shu yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan bir guruh soha fidoyilariga orden va medallar sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Asilbek Xudoyorov hamda Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov tomonidan tantanali ravishda topshirildi.
Shundan so‘ng sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, aholining tibbiy madaniyatini oshirishga munosib hissa qo‘shgan, xalqimiz salomatligini mustahkamlashda shaxsiy namuna ko‘rsatgan tibbiyot xodimlari va jamoatchilik vakillari uchun ta’sis etilgan hamda bu yil birinchi marta berilayotgan “Xalq salomatligi posboni” ko‘krak nishoni bilan 14 nafar nomzod taqdirlandi.
– Bizga berilgan bugungi mukofotlarni kamtarona mehnatimizni yuqori baholash, deb bilaman, – deydi Bolalar milliy tibbiyot markazi davolash ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Shuhrat Salohiddinov. – Davlatimiz rahbarining tabrigida ham soha xodimlarining mehnati yuksak e’tirof etilgan. Bu biz uchun juda katta e’tibor va ishonchdir. O‘ylaymanki, tabrikda aytilgan har bir so‘z biz shifokorlarga katta motivatsiya beradi, g‘ayrat-shijoat bilan ishlashga ruhlantiradi.
Uchtepa tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Feruza Ergasheva ham “Xalq salomatligi posboni” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu mukofot nafaqat unga, balki birlamchi tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan hamshiralar, shifokorlarga berilgan.
– Ushbu mukofot men uchun sharaf bo‘lishi bilan birga, zimmamga katta mas’uliyat yuklaydi, – deydi Feruza Ergasheva. – Kelajakda bilim va ko‘nikmalarimni yanada oshirib, soha rivojiga o‘z hissamni qo‘shishga astoydil harakat qilaman. Kasbdoshlarimni, sohamizning barcha fidoyilarini tabriklayman.
Tantanali marosim davomida bayram konserti namoyish etilib, tadbir ishtirokchilariga xush kayfiyat ulashildi.
Mohigul Qosimova,
Nosirjon Haydarov (surat)
O‘zA