Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamkorligida “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” va ma’naviyat: jamoatchilik nigohida” mavzuida ilmiy-ma’rifiy anjuman o‘tkazildi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov va boshqalar bugun O‘zbekiston taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘yganini ta’kidladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanish va bunyodkorliklar, har bir sohada xalqning roziligiga erishish maqsadida qat’iyat bilan davom ettirilayotgan islohotlar, nafaqat mintaqamiz, balki butun dunyoda yuksak e’tirof etilmoqda. Yangi O‘zbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini qurish, har bir vatandoshimizning azmu qarori, hayotiy maqsadlarining asosiga aylanmoqda.
Davlatimiz rahbari “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobida ta’kidlaganidek, “Yangi O‘zbekistonni barpo etish – u shunchaki xohish-istak, sub’ektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega bo‘lgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy vaziyatning o‘zi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy orzu-intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga to‘la javob beradigan ob’ektiv zaruratdir”.
[gallery-6617]
Bugun aynan “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” shiori ostida Vatanimizdagi yangilanish va islohotlarning asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lgan jamiyatimiz a’zolarining bor bilim va salohiyati, kuch va imkoniyatlari ishga solinib, bu ezgu harakat umumilliy ahamiyat kasb etmoqda.
Ma’lumki, yangi O‘zbekistonni jahon maydonida kuchli salohiyat, munosib obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan, har tomonlama obod va farovon mamlakatga aylantirish borasidagi bu harakatda iqtisodiy omil bilan birga ma’naviy omillar ham muhim o‘rin tutadi. Negaki, ta’kidlanganidek, “ma’naviyat–insonlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch, hurmat va e’tibor, xalq va davlat kelajagini birgalikda qurish yo‘lidagi ezgu intilishlar, ibratli fazilatlar majmuasidir. Boshqacha aytganda, ma’naviyat – jamiyatdagi barcha siyosiy-ijtimoiy munosabatlarning mazmuni va sifatini belgilaydigan poydevordir. Bu poydevor qancha mustahkam bo‘lsa, xalq ham, davlat ham shuncha kuchli bo‘ladi”.
Shu bois “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobi, undagi ustuvor maqsad va vazifalar olimlar, adabiyot va san’at vakillari, xotin-qizlar, yoshlar, keng jamoatchilik tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda. Belgilangan vazifalar ijrosini amalga oshirish bo‘yicha muhim chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.
Markaz qoshida tashkil etilgan taniqli olimlar, ma’naviyat fidoyilari, jamoatchilik vakillaridan iborat ekspertlar guruhi a’zolari qatnashgan yig‘ilishda “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobidan o‘rin olgan “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” “Xalqparvar davlat”, “Milliy iqtisodiyotni rivojlantirish”, “Adolatli ijtimoiy siyosat”, “Xavfsizlik va tashqi siyosat”, “O‘zbekiston va umumbashariy muammolar” yo‘nalishidagi muhim vazifalarni keng targ‘ib qilish, “Ma’naviy taraqqiyot” yo‘nalishida belgilab berilgan maqsad va vazifalar, ularni amalga oshirish jarayonlari, bu yo‘lda ishlab chiqilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi va “Xalqchil davlat” milliy dasturi, mamlakatimizdagi ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimi, hususan, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobidan kelib chiqadigan asosiy vazifalari, ma’naviy yangilanish jarayonidagi imkoniyat va istiqbollar, “Yangi O‘zbekiston–ma’rifatli jamiyat” konsepsiyasi va uni amalga oshirish milliy dasturini tayyorlash borasidagi tashkiliy, ilmiy-ma’rifiy ishlar, bu boradagi vazifalar ko‘rib chiqildi.
Tadbirda “Yangi O‘zbekiston – ma’rifatli jamiyat” konsepsiyasi va uni amalga oshirish milliy dasturini ishlab chiqish bo‘yicha Respublika ishchi guruhini tuzish va uning aniq vazifalarni belgilab olindi.
N.USMONOVA, O‘zA