“Yangi O‘zbekiston” massivida ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirildi
Mustaqilligimizning 35 yilligi keng nishonlanayotgan shu qutlug‘ kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanida aholi uchun munosib va zamonaviy yashash sharoitlarini yaratishga qaratilgan bunyodkorlik ishlari izchil davom etmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2024-yil 30-apreldagi “2024-yilda ipoteka kreditlarini ajratish mexanizmlarini takomillashtirish va aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida “Ellikqal’a” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi 10 gektar yer maydonida “Yangi O‘zbekiston” massivi tashkil etilgan edi.
Bosh rejaga muvofiq, massivda jami 1 ming 60 ta xonadondan iborat 5 va 7 qavatli 28 ta uy-joy, shuningdek, maktab, maktabgacha ta’lim tashkiloti va zamonaviy istirohat bog‘i barpo etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, 2024–2025-yillarda 4 ta 5 qavatli, 120 xonadonli uy-joy qurildi va foydalanishga topshirildi.
Bugungi kunga kelib, bunyodkorlik ishlarining navbatdagi natijasi sifatida yana jami 50 xonadonli 2 ta ko‘p qavatli turar joy foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbir ishtirokchilari yangi uy-joylarda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar. Ayni paytda massivda yana 5 va 7 qavatli, 334 xonadondan iborat 10 ta uy-joyda, shuningdek, 660 o‘rinli zamonaviy umumta’lim maktabida qurilish ishlari davom etmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri